Xususiy sektorda ESG tamoyillarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi

20.12.2023
CopyLink
Chop etish
Xususiy sektorda ESG tamoyillarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi

Progressiv islohotlar markazi direktori BMTning Global shartnomasining (UN Global Compact) Oʻzbekistondagi menejeri Shohrux Pulatov bilan uchrashdi.

Tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, biznes sektorda ESG (environmental, social, governance) tamoyillarini ilgari surishga, yaʼni atrof-muhitga masʼuliyatli munosabat, yuqori ijtimoiy masʼuliyat va korporativ boshqaruv sifatiga asoslangan tijorat faoliyatini barqaror rivojlantirish kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishning barcha sohalarida yangi boshqaruv tamoyillarini joriy etish, tabiiy resurslardan foydalanishni optimallashtirish orqali iqtisodiy samaraga erishish, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, inson huquqlarini, ishlab chiqarish xavfsizligini, ijtimoiy tenglikni taʼminlashni taqozo etishi taʼkidlandi. Savdo bozorlarini kengaytirish va dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi biznes bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish niyatida boʻlgan oʻzbekistonlik tadbirkorlar va investorlar oʻz faoliyatlarida ESG tamoyillariga amal qilishlari kerak. Chunki bugungi kunda investorlar va moliya institutlari sarmoya va kredit berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda aynan ushbu mezonlarni hisobga olmoqda.

Shohrux Pulatovning aytishicha, tashkilot Markaziy Osiyoda BRMga sodiq biznes tuzilmalarining mahalliy tarmogʻini shakllantirishni rejalashtirmoqda. Birinchi bosqichda Oʻzbekiston va Qozogʻistonni qamrab olish koʻzda tutilgan. Kelgusi yilda BMT Global shartnomasining mintaqaviy ofisi ochiladi.

Shu munosabat bilan tomonlar biznesda ESG tamoyillari va BRMlarni ilgari surish uchun saʼy-harakatlarini birlashtirishga kelishib oldi. Jumladan, Oʻzbekiston tadbirkorlari oʻrtasida hamkorlikda tadqiqot va soʻrovlar oʻtkazish, ular uchun oʻzbek tilida qoʻllanma va uslubiy materiallar tayyorlash, xorijiy mamlakatlardagi “yashil” biznes vakillari bilan almashinuvlarni tashkil etish, ESG siyosat va hisobotlar joriy etish va amalga oshirish boʻyicha menejerlar va kompaniya xodimlarining salohiyatini oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Maʼlumot uchun: BMT Global shartnomasi korporativ barqarorlik sohasidagi xalqaro tashabbusi hisoblanadi. Uning aʼzolari 15 mingdan ortiq kompaniya boʻlib, ulardan 4 mingtasi 160 ta davlatning notijorat tashkilotlaridir. Ushbu shartnoma tartibga soluvchi vosita emas, balki muhokama forumi va aloqa tarmogʻidir. U toʻrt boʻlim (inson huquqlari, mehnat munosabatlari, atrof-muhit va korrupsiyaga qarshi kurashish) va 10 ta tamoyilni oʻz ichiga oladi.