


O‘zbekiston poytaxtida xalqaro munosabatlar va mintaqalararo integratsiyaning muhim voqeasi — Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. 4-6-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan ushbu nufuzli muloqot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Progressiv islohotlar markazi hamkorligida tashkil etilmoqda. Xalqaro miqyosdagi ushbu platformaga Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rasmiy hamkorlik qilmoqda. Global geosiyosiy parchalanish sharoitida o‘tayotgan ushbu anjuman mintaqalararo ochiq muloqot va pragmatik hamkorlikning yangi modelini taklif etmoqda.
Xalqaro munosabatlar tizimidagi murakkabliklar fonida O‘zbekiston muvozanatli va ko‘p vektorli tashqi siyosat modelini namoyish etib, jarayonlarning shunchaki ishtirokchisi rolidan xalqaro tashabbuskor va tashkilotchi darajasiga ko‘tarildi. Ushbu muloqot dastlab 2021-yilda Toshkentda o‘tgan konferensiya va 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya asosida institutsionallashgan bo‘lib, joriy ikkinchi yig‘ilish konseptual munozaralardan aniq amaliy mexanizmlarni joriy etish bosqichiga o‘tishi bilan xarakterlanadi.
Tadbirning Toshkent shahrida o‘tayotgan asosiy qismida OHICHKga a’zo 27 ta davlatning tashqi savdo, investitsiyalar va sanoat vazirliklari rahbarlari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida strategik yalpi majlis o‘tkaziladi. Ekspertlar savdo, transport, logistika va energetikani yagona va ajralmas tizim sifatida baholaydilar. Unda imtiyozli savdo rejimlarini yaratish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, raqamlashtirilgan va qog‘ozsiz savdo mexanizmlarini joriy etish hamda energiya tizimlarini birlashtirish kabi strategik masalalar muhokama qilinadi. Markaziy Osiyoning dengiz yo‘llaridan uzoqligi va yuk tashish xarajatlarining tovar yakuniy qiymatining 50 foizigacha yetishi iqtisodiy o‘sishga asosiy to‘sqinlik ekanini hisobga olib, O‘zbekiston ilgari surayotgan Transafg‘on temiryo‘li va Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yo‘nalishlari geografik yopiqlikni logistik ustunlikka aylantirishga xizmat qiladi.
Muloqot doirasida o‘tkazilayotgan ikkita maxsus sessiya iqlim o‘zgarishi va inson kapitalini rivojlantirishga bag‘ishlangan. BMT maslahatchisi Chariti Watson moderatorlik qilayotgan iqlim sessiyasida transchegaraviy iqlim xatarlari, suv tanqisligi va cho‘llanishga qarshi kurash ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Afg‘onistonni yakkalash emas, balki mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etish barqarorlikning asosiy kafolati ekanini amalda ko‘rsatilmoqda. Buning isboti o‘laroq, 2025-yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 55 foizlik o‘sish bilan 1,7 milliard AQSH dollariga yetdi.
Anjuman dasturining yakuniy qismida ishtirokchilar O‘zbekistonning iqtisodiy va madaniy salohiyati bilan bevosita tanishish uchun Termiz va Samarqand shaharlariga tashrif buyurishadi. Mehmonlar Afg‘oniston bilan chegaradan 500 metr uzoqlikda joylashgan, 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan 36 gektarlik "Ayritom" xalqaro savdo markazi faoliyati bilan tanishadilar. Bu yerdagi zamonaviy klinika o‘tgan yillar davomida 33 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarosiga tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, Termiz-Kargo-Markaz logistika xabi, ta'lim uch tilda olib boriladigan Central Asia University biznes maktabi hamda Samarqand shahridagi Registon maydoni, Boqiy shahar majmuasi va Imom al-Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashriflar tashkil etiladi. Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari Yevroosiyo makonida o‘zaro manfaatli va barqaror hamkorlik arxitekturasini mustahkamlashga xizmat qiladi.