Shvetsiya parlamenti delegatsiyasi Progressiv islohotlar markaziga tashrif buyurdi

11.04.2025
CopyLink
Chop etish
Shvetsiya parlamenti delegatsiyasi Progressiv islohotlar markaziga tashrif buyurdi

2025-yil 10-aprel kuni Progressiv islohotlar markazi direktori o’rinbosari Qadambay Sultanov Shvetsiya parlamenti delegatsiyasini qabul qildi. Xorijiy delegatsiya tarkibida Shvetsiya parlamentining tashqi siyosat masalalari bo’yicha doimiy qo’mitasi a'zosi (delegatsiya rahbari) Margareta Cederfelt, Shvetsiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Anqara shaxrida) Tomas Danestad, parlament bosh kotibi Ingvar Mattson hamda parlament maslahatchisi Björn Sondén ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik istiqbollari, jumladan, ikki davlat aql markazlarining ushbu jarayonga qo’shayotgan hissasini orttirish, ular o’rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, gender tenglik, samarali boshqaruv, kambag’allikni qisqartirish, mintaqalararo hamkorlikni (“Markaziy Osiyo + Shimoliy kengash”) rivojlantirishga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga oid fikr almashildi. 

Delegatsiya vakillari Progressiv islohotlar markazining faoliyati, olib borilayotgan tadqiqotlar, tahlillar va tashabbuslar, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga oid yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi. Shvetsiya tomoni o‘zining ijtimoiy davlat barpo etish, boshqaruv institutlari faoliyatini takomillashtirish tajribasi va ushbu jarayonda parlamentning tutgan o’rni va ahamiyatiga oid ma’lumot bilan o‘rtoqlashdi. 

Uchrashuv doirasida Progressiv islohotlar markazi va Shvetsiyaning qator yetakchi aql markazlari bilan amaliy natijaga yo’naltirilgan hamkorlik o'rnatish, ular o’rtasida kelgusi bevosita muzokaralar tashkillashtirish sanalari va kun tartibi hamda birgalikda amalga oshirish istiqboli yuqori bo’lgan o’zaro manfaatli yo’nalishlar belgilab olindi.