Raqobat siyosati va iste'molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi bilan memorandum imzolandi

30.04.2025
CopyLink
Chop etish
Raqobat siyosati va iste'molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi bilan memorandum imzolandi

Bugun, 30-aprel kuni Progressiv islohotlar markazi va Raqobat siyosati va iste'molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Ta’kidlandiki, mamlakatda sogʻlom raqobat muhitini yaratish, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, raqobat siyosatining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda ilmiy tadqiqotlar, tahliliy materiallar va axborot kampaniyalari muhim rol oʻynaydi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda raqobatni rivojlantirish va iste’molchi huquqlarini kafolatlash borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur memorandum doirasida ikki markaz oʻrtasidagi hamkorlik ushbu islohotlarni chuqur tahlil qilish, ularning samaradorligini baholash va jamoatchilik ongida bu boradagi tushunchalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Memorandum doirasida, xususan, quyidagilarni amalga oshirish belgilandi:

  • raqobat siyosati, iste’molchilar huquqlari, iqtisodiy islohotlar sohalarida tahliliy va ilmiy-tadqiqot materiallarini tayyorlash hamda ularni keng jamoatchilikka taqdim etish;

  • birgalikda seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va boshqa turdagi ochiq muloqot maydonlarini tashkil etish;

  • soha mutaxassislari, tadqiqotchilar, nodavlat sektor vakillari hamda talabalar uchun o‘quv va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish;

  • fuqarolarning, ayniqsa yoshlarning, iqtisodiy savodxonligini oshirish va ularda iste’mol madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonda adolatli va raqobatbardosh iqtisodiy muhitni shakllantirishga hissa qo‘shadigan hamkorlik loyihalarini ilgari surishga kelishib oldilar.