


Progressiv islohotlar markazida Saylov tizimlari xalqaro fondining (IFES) Yevropa va Yevrosiyodagi dasturlari rahbari Sherri Grirson va jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori Inna Tovmasyan bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlari, amalga oshirilayotgan loyihalar va olib borilayotgan izlanishlar hamda Oʻzbekistondagi islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda PIMning oʻrni va imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Tomonlar aprel oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan ikkita seminarni tashkil etish tafsilotlarini muhokama qildilar. Birinchisi xotin-qizlar yetakchiligini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashga, ikkinchisi – nogironligi boʻlgan shaxslarni siyosiy va huquqiy jarayonlarga jalb qilish, jumladan, ularning ehtiyojlarini inobatga olgan holda normativ-huquqiy hujjatlar sharhlarini tayyorlashga bagʻishlangan. Seminarlar xotin-qizlar va nogironligi boʻlgan shaxslarining turli darajadagi qarorlar qabul qilish jarayonlariga jalb etish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish boʻyicha xabardorligini oshirish va asosiy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari, jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy oʻziga xoslikni ilgari surish, aholi, ayniqsa yoshlarning media savodxonligini oshirish, propaganda va feyk xabarlarga qarshi kurashish, tomonlarni qiziqtirgan sohalarda mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun: IFES xalqaro notijorat tashkiloti boʻlib, saylov boshqaruvchilari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, saylovchilar va boshqa barcha manfaatdor tomonlarga inklyuziv, shaffof va ilgʻor tajriba va xalqaro standartlarga mos demokratik jarayonlarni ilgari surishda maqsadli yordam koʻrsatadi.