


2025-yil 3-iyun kuni Fransiyaning nufuzli Sharq tillari va sivilizatsiyalari milliy instituti (INALCO) yetakchi eksperti, taniqli sharqshunos Mixail Leviston bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov, shuningdek, markazning yetakchi tahlilchilari Otabek Akromov va Alouddin Komilov ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikdagi roli, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan tashqi siyosatdagi o‘zgarishlar, shuningdek, mintaqada shakllanayotgan yangi geosiyosiy muhit haqida fikr almashdilar.
Mixail Leviston O‘zbekistonni “Markaziy Osiyoning yuragi” deb ta’riflab, bu holatni Prezident Mirziyoyev tashabbusidagi mintaqaviy integratsiya siyosatining samarasi sifatida ko‘rsatdi. U, xususan, prezidentning ilk xorijiy tashrifi sifatida Turkmanistonga qilgan safari tashqi siyosatning yangi bosqichini boshlab berganini alohida e’tirof etdi.
Ekspert O‘zbekiston va butun mintaqaning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlashda madaniy va ilmiy diplomatiyaning ahamiyatini ta’kidlab, Yevropa jamoatchiligi orasida Markaziy Osiyo davlatlari haqidagi bilim va xabardorlikni oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Suhbat davomida Leviston mamlakat ichki siyosati, energetika xavfsizligi, elektr energiyasi narxlari va aholi kayfiyati, iqtisodiyot – xususan, paxta sektori va boshqa drayver sohalar, shuningdek, Afg‘oniston va Rossiya bilan hamkorlikning istiqbollari kabi dolzarb mavzular yuzasidan savollar berdi. PIM vakillari bu savollarga asosli va batafsil javob berishdi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistonning ochiq muloqotga tayyor va tahliliy fikrlashga asoslangan tashqi siyosatini namoyon etishida yana bir muhim bosqich bo‘ldi.