


Doha shahri, Qatar, 2025-yil 8-dekabr kuni Doha fan va texnologiyalar universitetida (DFTU) Namangan viloyatidan kelgan 15 nafar kasb-hunar mutaxassislari uchun mo‘ljallangan malaka oshirish dasturining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori doktor Salim An-Nuaymiy, O‘zbekistonning Qatardagi favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjayev, shuningdek, Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasidagi o‘quv-amaliy hamkorligining izchil mustahkamlanayotganini ta’kidladilar.
10 oylik mazkur o‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasining Qatar davlatidagi elchixonasi, Namangan viloyati hokimligi, “Asakabank” AJ, Progressiv islohotlar markazi va Doha fan va texnologiyalar universiteti hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy qismi qatarlik hamkorlar tomonidan ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
Kasbiy o‘quv mashg‘ulotlar Doha fan va texnologiyalar universiteti huzuridagi Kasb-hunar ko‘nikmalari markazida olib boriladi. O‘zbekistonlik 15 nafar tinglovchilar payvandlash, santexnika, elektromontaj ishlari va umumiy muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar asosida bilim va amaliy ko‘nikmalarini chuqurlashtiradilar. Dastur muvaffaqiyatli yakunlangach, bitiruvchilar Namangan viloyatida tashkil etilayotgan “O‘zbekiston–Qatar kasbiy ko‘nikmalar markazi”da o‘quv mashg‘ulotlar o‘tishi rejalashtirilgan. Keyinchalik Namanganda faoliyat boshlaydigan ushbu markaz bitiruvchilari xalqaro darajada e’tirof etiladigan sertifikatlarga ega bo‘lib, AQSh, Yevropa, Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktyabrda qabul qilingan PQ-316-sonli “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan ustuvor vazifalarga to‘la mos keladi. Xususan, kasb-hunar ta’limi sifatini oshirish, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash va yoshlarning global mehnat bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishlari ushbu loyiha orqali amalda ro‘yobga chiqmoqda.
O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ushbu kasbiy malaka almashinuvi ikki davlat hamkorligining yangi bosqichi bo‘lib, kelgusida yana ko‘plab qo‘shma o‘quv va innovatsion tashabbuslarga zamin yaratishi kutilmoqda.