Oʻzbekiston yoshlarini qoʻllab-quvvatlash tizimidagi yetishmayotgan bo‘g‘in: Mentorlik

01.07.2026
Download
CopyLink
Chop etish
Oʻzbekiston yoshlarini qoʻllab-quvvatlash tizimidagi yetishmayotgan bo‘g‘in: Mentorlik

Ushbu tahliliy ma’lumotnomada O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishda murabbiylik (mentorlik) tizimining amaliy ahamiyati tahlil qilingan. So‘nggi yillarda mamlakatda yoshlar uchun moliyaviy yordam, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sohasidagi islohotlar, ijtimoiy reyestrlar hamda mahalla orqali manzilli ishlash kabi muhim institutsional mexanizmlar shakllandi. Biroq ushbu imkoniyatlarning samaradorligi faqat ularning mavjudligiga emas, balki yoshlarning ulardan to‘g‘ri foydalanishi, ta’lim, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy mobillik bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilinishiga ham bog‘liqdir.

Tahliliy ma’lumotnomada murabbiylik bir martalik maslahat yoki motivatsion tadbir sifatida emas, balki tegishli tajribaga ega, tayyorlangan va mas’ul murabbiy (mentor) tomonidan muntazam ko‘rsatib boriladigan amaliy yo‘l-yo‘riq sifatida talqin etiladi. Xalqaro tajribada murabbiylik yoshlarning ta’lim, xulq-atvor va kasbiy natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, bunday ta’sir odatda mo‘tadil bo‘lib, dastur mazmuni, mentor va ishtirokchi mosligi, mentorlarni tayyorlash, nazorat va xavfsizlik mexanizmlariga bevosita bog‘liq.

O‘zbekistonda murabbiylikka oid ayrim tashabbuslar allaqachon mavjud: xorijiy universitetlarga kirish bo‘yicha maslahatlar, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, startaplar uchun mentorlik dasturlari shular jumlasidandir. Shu sababli asosiy vazifa mutlaqo yangi tizim yaratish emas, balki mavjud tashabbuslarni yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoya kanallari bilan bog‘langan kengroq mexanizmga birlashtirish va standartlashtirishdan iboratdir. Ushbu ma’lumotnomada hududiy pilot dasturi tavsiya etilmoqda. Ushbu dastur mahallalarda va Yoshlar daftari kabi mavjud tizimlarga tayangan bo‘lib, taxminan 1 000 nafar yoshlarni qamrab olishi, mentorlarni saralash va jalb etish, tayyorlash, moslashtirish, nazorat qilish, shikoyat kanallarini shakllantirish, ma’lumotlarni himoya qilish va mustaqil baholash mexanizmlarini o‘z ichiga olishi lozim. Dastur samaradorlik, xarajatlar, xavfsizlik va institutsional imkoniyatlar baholangandan so‘ng kengaytirilishi ko‘zda tutilgan.