O‘zbekiston "WSIS+20" sammitida ilk rasmiy panel sessiyasini o‘tkazdi: raqamli islohotlar milliy strategiyasi xalqaro maydonga olib chiqildi

14.07.2025
CopyLink
Chop etish
O‘zbekiston "WSIS+20" sammitida ilk rasmiy panel sessiyasini o‘tkazdi: raqamli islohotlar milliy strategiyasi xalqaro maydonga olib chiqildi

7–11 iyul kunlari Jenevada o‘tgan “Axborot jamiyati bo‘yicha Jahon sammiti” (WSIS+20) yuqori darajadagi sammiti doirasida ilk bor Progressiv islohotlar markazi va Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi hamkorligida rasmiy panel sessiyasi tashkil etildi. “O‘zbekistonda media va AKTni rivojlantirish: Raqamli inklyuziya va infratuzilmani kuchaytirish” mavzusidagi ushbu sessiyada O‘zbekistonning raqamli islohotlar rejasi va fuqarolik jamiyatining undagi roli ilk bor xalqaro maydonda tanishtirildi.

Panel sessiyasida raqamli o‘zgarishlar jarayonida adolat, ishonch va innovatsiyaga tayangan inklyuziv jamiyat qurish masalalari muhokama qilindi. Sessiyada Progressiv islohotlar markazi (PIM) direktori Mirshohid Aslanov, direktor o‘rinbosari Qadambay Sultanov, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi AKT bo‘limi boshlig‘i Burxanov Umed va “Digital Generation Uzbekistan” koordinatori Ummatoy Yuldasheva o‘z taqdimoti bilan ishtirok etdi.
Sessiyada xalqaro hamjamiyat vakillari O‘zbekistonning raqamli taraqqiyot yo‘lidagi harakatlarini yuqori baholadilar. Unda “GIGA” tashabbusi vakillari, BMT (UN) mutaxassislari, “Women and Youth Advancement” prezidenti va bosh direktori, hamda “Dubai Security Circle” vakillari ishtirok etdi.
Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov axborot makonida yuzaga kelayotgan tahdidlarga to‘xtalar ekan, bu jarayonda fuqarolik jamiyatining faolligini alohida ta’kidladi. “Yolg‘on axborot tarqalishi va internetdan mas’uliyatsiz foydalanish bugungi davrning asosiy xavflaridan biriga aylandi. Shunday sharoitda fuqarolik jamiyati vakillari xalqaro maydonlarda faol bo‘lishi, O‘zbekistondagi raqamli islohotlarni aniq va asosli ma’lumotlar bilan tanishtirishi zarur.” — dedi Aslanov. U, shuningdek, axborot makonini sog‘lomlashtirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish lozimligini qayd etdi.

Markaz direktor o‘rinbosari Qadambay Sultanovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank, BMT Taraqqiyot Dasturi va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan hamkorlikda raqamli moliyaviy savodxonlik bo‘yicha mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli kampaniyalar o‘tkazilgan. Ushbu kampaniyalar SMS, televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali millionlab fuqarolarga yetib borgan. “2024-yil yakuniga ko‘ra, raqamli iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 24 foizga yetdi. Bu — juda muhim ko‘rsatkich. Shu bilan birga, O‘zbekiston 2025-yilda global startap ekotizimlari reytingida eng yaxshi 100 davlat ro‘yxatidan o‘rin oldi,” — deya ta’kidladi Progressiv islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Qadambay Sultanov.
Panel sessiyada mamlakatda jamoatchilikning elektron platformalar orqali siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etishini ta’minlovchi tizimlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sammit ishtirokchilari PIM vakillariga bir qator savollar yo‘lladi — ular orasida O‘zbekistonda raqamli tenglikni ta’minlash, yoshlar va ayollar ishtirokini kengaytirish, shuningdek, axborot xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar bor edi.

Tadbir davomida “Digital Generation Uzbekistan” dasturi koordinatori Ummatoy Yuldasheva loyiha orqali 70 mingga yaqin yoshlar raqamli faoliyatlarga jalb etilganini, 500 dan ortiq startaplar yaratilganini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, Garvard universiteti  va Massachusets texnologiya instituti (MIT) professorlari ishtirokidagi eksklyuziv o‘quv dasturlari texnologiyaga qiziqqan o‘zbekistonlik qizlar uchun sun’iy intellekt, robototexnika va raqamli media sohalarida bilim va ilhom manbaiga aylangan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yakuniga kelib ro‘yxatdan o‘tgan OAVlar soni 2 349 taga yetgan. Bu 2016-yildagi 1 514 ta ko‘rsatkichga nisbatan sezilarli o‘sishdir. Onlayn nashrlar soni esa ikki baravarga ko‘payib, 738 taga yetgan, ulardan 65 foizi nodavlat hisoblanadi. Blogerlik sohasi ham jadal rivojlanib, 1 500 dan ortiq foydalanuvchi o‘zini rasmiy axborot subyekti sifatida ko‘rsatmoqda.

Panel sessiyasi yakunida esa O‘zbekiston ochiq ma’lumotlar, sun’iy intellekt, infratuzilma va ijtimoiy texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyor ekanini bildirdi.