O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari ekspertlar nigohida

O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari ekspertlar nigohida

2026-yil 16-yanvar kuni Progressiv islohotlar markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar markazi hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamkorligida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida davra suhbati “O‘zbekistonning ichki modernizatsiyasi va tashqi siyosiy salohiyati: iqtisodiy transformatsiya, inson kapitalini rivojlantirish va xalqaro mavqeini mustahkamlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, iqtisodiy transformatsiya, inson kapitalini rivojlantirish va mamlakatning xalqaro mavqeini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi. Muhokamalar davomida ichki islohotlarning izchil amalga oshirilishi O‘zbekistonning tashqi siyosiy salohiyatini kuchaytirish, ochiq va raqobatbardosh bozor muhitini shakllantirish hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim omil ekani ta’kidlandi.

Tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, diplomatik tuzilmalar, tahliliy markazlar hamda akademik doiralar vakillari ishtirok etdilar. Davra suhbatining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov, Tashqi siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Sanjar Valiyev hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Akram Umarov so‘zga chiqdilar.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 10 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmoqda, bu deyarli 1 milliard AQSH dollariga teng. Jami 140 trillion so‘mlik kredit resurslari aynan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Shundan 43 trillion so‘m ayollar va yoshlar tadbirkorligi uchun ajratiladi. Investitsiyalar nuqtai nazaridan bu iqtisodiy o‘sishning muhim drayveriga aylanmoqda. Bugun biz ilk bor investorlar o‘rtasida O‘zbekistonga qiziqish bo‘yicha real raqobat shakllanayotganini ko‘rmoqdamiz,” – deb ta’kidladi Sodiq Safoyev o‘z nutqida. 

Davra suhbati doirasida uchta tematik sessiya o‘tkazildi. Unda samarali davlat boshqaruvi, raqobatbardosh iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, investitsiyalar, shuningdek, ijtimoiy va inson kapitalining “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyotidagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning xalqaro muloqot maydonidagi faolligi ortib borayotganini, ichki islohotlar esa mamlakatning tashqi siyosiy imkoniyatlarini kengaytirish va global raqobatbardoshligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini qayd etdilar.

Tadbir yakunida O‘zbekistonning tashqi siyosiy salohiyatini ichki islohotlar orqali yanada mustahkamlashga qaratilgan ekspert xulosalari va amaliy takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda akademik va ekspertlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.