


2025-yil 10-iyun kuni Toshkentda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Meta kompaniyasi hamkorligida “Yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish” mavzusida suhbati tashkil etildi.
Bugungi kunda butun dunyoda raqamli makonning kengayishi yoshlarning onlayn xavfsizligini ta’minlash masalasini dolzarb mavzulardan biriga aylantirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali foydalanuvchilar yangi do‘stlar orttirish, manfaatlarga ko‘ra guruhlar tuzish, shuningdek, o‘z biznes tashabbuslarini ilgari surish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Biroq, bu imkoniyatlar bilan bir qatorda, internet muhitida kiberbulling va boshqa xavf-xatarlar ham mavjud.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Tashqi aloqalar departamenti tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish axborot-tahliliy ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Nozima Davletova, Meta kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha davlat siyosati vitse-prezidenti Saymon Miller, shuningdek, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Akromjon Fozilov so‘zga chiqdi. Tadbirda, shuningdek, Progressiv islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Qadamboy Sultanov ham ishtirok etdi.

Davra suhbatida ishtirokchilar yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlardan oqilona va xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar, yangi yondashuvlar va raqamli xavfsizlik bo‘yicha global tajribalar yuzasidan fikr almashdilar. Meta kompaniyasi vakillari esa Instagram va Facebook platformalarida o‘smirlar uchun xavfsizlikni oshirish maqsadida joriy etilayotgan yangi funksiyalar haqida ma’lumot berdi.

Panel muhokamasi davomida davlat sektori, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillari raqamli makon imkoniyatlari, mavjud xavf-xatarlar va ularning oldini olish strategiyalari haqida o‘z mulohazalarini bildirdilar. Ma’ruzachilar yoshlarning onlayn xavfsizligini ta’minlashda davlat organlari, ota-onalar, ta’lim tizimi, nodavlat tashkilotlar va texnologik kompaniyalar hamkorligining muhimligini alohida ta’kidladilar.