Bugun, 12-yanvar kuni Toshkentda gibrid formatda “Yangi davrda Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik” mavzusida konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston va XXR oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan anjuman sessiyalaridan birida Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov soʻzga chiqdi. Qayd etilganidek, ikki davlat tarixi koʻp asrlik madaniy-gumanitar almashinuvlar bilan chambarchas bogʻliq. Yoshlar oʻrtasida bir-birlarining tillarini oʻrganishga, madaniy merosga shoʻngʻishga qiziqish ortib bormoqda. Oʻzbekistonda ham, Xitoyda ham oʻtkazilayotgan madaniyat kunlari, koʻrgazmalar, konsertlar, kinofestivallar hamkorlikning muhim elementiga aylangan.
Aslanovning taʼkidlashicha, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash borasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda, shu bilan birga, barqaror uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjud. Shu bois, PIM rahbari ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan takliflar qatorida Oʻzbekiston fuqarolariga Xitoyga viza olishni osonlashtirish va maʼlum muddatga vizasiz rejim oʻrnatish ham bor edi. Masalan, 2021-yilda Oʻzbekistonda Xitoy fuqarolari uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etildi va bu xitoylik sayyohlar, ishbilarmonlar va investorlar oqimining sezilarli darajada oshishiga xizmat qildi.
Yana bir taklif oliy taʼlim muassasalarida qo‘shma ta’lim (ikkita diplom) dasturlarni ishga tushirishdir. Bu amaliyot oʻzbekistonlik va xitoylik talabalarga madaniy va ilmiy almashish uchun noyob imkoniyat yaratadi, oʻzaro ishonchni mustahkamlashga yordam beradi.
Masalan, 2022/2023-oʻquv yilida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Dalyan pedagogika universitetida “Xitoy filologiyasi” yoʻnalishi boʻyicha qoʻsh diplom dasturi muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyildi. Ijobiy tajribani inobatga olgan holda, Xitoyning yana 9 ta yetakchi universitetlari alyansi ishtirokida texnologiya, tibbiyot va IT sohalaridagi dasturlar sonini kengaytirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Mirshohid Aslanov fan va taʼlim sohasida amalga oshirilmagan ulkan salohiyatdan foydalanish zarurligini taʼkidladi. Xususan, innovatsiyalar, startaplar va texnologiyalar transferini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshma mexanizm va platformalar yaratish, AKT, qishloq xoʻjaligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari va ishlab chiqarish kabi sohalarda qoʻshma ilmiy-tajriba korxonalarini tashkil etishni taklif qildi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston va Xitoyning masʼul idoralari bilan birgalikda ilgari surilgan takliflarni koʻrib chiqish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish choralarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Maʼlumot uchun: konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.