28–29 aprel kunlari Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz hamkorlik kengashi (GCC) tahlil markazlari birinchi forumi” bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbir ikki muhim makromintaqa – Markaziy Osiyo va ko‘rfaz davlatlari o‘rtasida muloqot va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. Forumda 70 dan ortiq yetakchi ekspert, tahlil markazlari vakillari, diplomatlar va biznes doiralar ishtirok etdi. Ular orasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston hamda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Quvayt, Ummon va Bahrayndan kelgan mutaxassislar bor edi.
Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov forumning asosiy sessiyalaridan biriga moderatorlik qildi hamda mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy integratsiya va ilmiy-tahliliy hamkorlik mavzularida muhim savollarni muhokamaga olib chiqdi. U sessiyani faol va mazmunli yo‘naltirib, turli mamlakatlardan kelgan ekspertlarning pozitsiyalarini uyg‘unlashtirishga hissa qo‘shdi. M.Aslanov o‘z chiqishida tahlil markazlari o‘rtasida doimiy platformalar yaratish, tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish mintaqaviy siyosatni chuqurroq anglashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Forum doirasida o‘tkazilgan iqtisodiy hamkorlik sessiyasida savdo, logistika, qayta tiklanuvchi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi va infratuzilma kabi strategik yo‘nalishlarda mavjud salohiyat va kelajakdagi imkoniyatlar muhokama qilindi. Shuningdek, yashil iqtisodiyot, raqamli transformatsiya va energiya samaradorligi kabi zamonaviy global chaqiriqlarga javob beruvchi hamkorlik formatlari yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Madaniy va gumanitar hamkorlikka bag‘ishlangan sessiyada esa xalqaro ta’lim dasturlari, madaniy almashinuvlar, qo‘shma ilmiy izlanishlar va yoshlar o‘rtasidagi muloqot aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha fikrlar almashildi. Forum nafaqat rasmiy muzokaralar, balki ochiq va mazmunli muloqot uchun maydon bo‘ldi. Ishtirokchilar mintaqaviy va global kontekstdagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z pozitsiyalarini bildirib, kelajakdagi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish borasida kelishib oldilar.
Forum yakunida hamkorlikni institutsional asosda davom ettirish, tahlil markazlari o‘rtasida muntazam aloqalar o‘rnatish va strategik muloqotni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bu kabi muloqotlar ikki mintaqa o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlab, uzoq muddatli va barqaror taraqqiyot sari asos yaratadi.