Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti

23.05.2025
1412
Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti

2025-yil 19–21-may kunlari Termiz shahrida “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur xalqaro forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Progressiv islohotlar markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Forum Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga yaqin siyosiy-iqtisodiy va biznes doira vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar a’zolari, shuningdek, dunyoning turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlarini bir yerga jamladi. 

Termiz muloqoti anjumanida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Progressiv islohotlar markazi rahbari, Hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash rahbarlari va mutaxassislari ham ishtirok etdi.

Termiz muloqotining asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan va 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini amaliy jihatdan ilgari surish uchun ko‘p tomonlama muloqot maydonini shakllantirishdir.

Forum doirasida quyidagi masalalar muhokama qilindi:

– Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasidagi hamkorlikni mustahkamlash;

– hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektor va moliya tuzilmalarining rolini kengaytirish;

– ekspertlar muloqoti salohiyatini ishga solish.

Termiz muloqoti mintaqalararo bog‘liqlikni yanada rivojlantirish, keng Yevrosiyo qit’asida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash istiqbollarini belgilash uchun doimiy platforma vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan. Tadbir Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Termiz xalqaro savdo markazi” hududida o‘tkazildi.

Forum doirasida turli mavzulardagi panel sessiyalar, davra suhbatlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, yoshlar o‘rtasida ta’lim almashinuvi, madaniy hamkorlik va turizm sohalarida ham istiqbolli rejalarni muhokama qildilar.

Ishtirokchilar tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida bir qator sohalar belgilandi. Avvalo, muntazam siyosiy muloqotni eng yuqori va oliy darajada qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi umumiy xatar hamda muammolarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim deb topildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, transport aloqasining umumiy arxitekturasini shakllantirish ham ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiritildi.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov o‘zining ochilish nutqida Termiz muloqoti oddiy diplomatik yig‘ilish emas, balki mintaqaviy iqtisodiy, siyosiy va madaniy bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan strategik tashabbus ekanini ta’kidladi. “Biz mintaqaviy bog‘liqlikda yangi sur’atlarni kuzatyapmiz va Termiz muloqoti — aynan g‘oyalar shakllanadigan va hamkorliklar barpo etiladigan makondir,” — dedi Aripov.

Shu bilan birga, xalqaro savdo, bojxona nazorati, transport, bank-moliya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan va madaniyat kabi sohalarda raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida hamkorlikni kengaytirish taklif etildi. Yevroosiyoning ulkan makromintaqasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini birgalikda izlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” taraqqiyotni rag‘batlantirish borasida ham hamkorlik qilish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, Markaziy va Janubiy Osiyoning noyob sayyohlik salohiyatini ochib berish, do‘stlik va ishonchni mustahkamlash maqsadida madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida yaqindan hamkorlik qilish, shuningdek, ikki mintaqa yoshlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish kabi masalalar ham dolzarb yo‘nalish sifatida ilgari surildi.

Xavfsizlik va taraqqiyot siyosati instituti (ISDP) hammuassisi va direktori, shuningdek Markaziy Osiyo–Kavkaz instituti rahbari Svante E. Kornell janubiy savdo yo‘lagini ochish strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Bunday yo‘nalish nafaqat iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi, balki butun Markaziy Osiyoda uzoq muddatli siyosiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi,” – dedi u.
Umuman olganda, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish "ikki tomonlama manfaatli" vaziyatni yuzaga keltiradi hamda iqtisodiy va siyosiy foydalar keltiradi.

Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, do‘stlik va barqaror taraqqiyotga asoslangan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Ushbu tashabbus mintaqaning global iqtisodiyotdagi mavqeini kuchaytirish, shuningdek, xalqaro tinchlik va taraqqiyotga hissa qo‘shish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

“O‘zbekiston xalqaro hamkorlar bilan birgalikda energiya tizimlarini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish va ilg‘or suv resurslarini boshqarish yechimlarini joriy etish ustida ishlamoqda. Biz bu boradagi tajribamizni iqlimga moslashish muhim bo‘lgan Afg‘oniston bilan baham ko‘rishga tayyormiz. Bugun bu yerda ishtirok etayotgan barcha hukumat va tashkilotlarni biz bilan birga ekologik barqaror mintaqani barpo etishga – umumiy atrof-muhitimizni himoya qilish va kelajak avlodlar xavfsizligini ta’minlash yo‘lida hamkorlikka chorlaymiz.” – deb ta’kidladi Progressiv islohotlar markazi rahbari Mirshohid Aslanov.

Forum yakunida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqiruvchi Kommyunike qabul qilindi. Tadbirda o‘zaro bog‘liqlik, hamkorlik va ishonch butun makromintaqa xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashning asosiy ustuniga aylanib borayotgani ta’kidlandi. Mintaqalararo aloqalarni kengaytirish umumiy muammolarning o‘zaro maqbul yechimlarini topish uchun zamin yaratadi, oldimizda turgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi turish imkonini beradi.