Markaz rahbari USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori bilan uchrashdi

07.12.2023
CopyLink
Chop etish
Markaz rahbari USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori bilan uchrashdi

Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman bilan uchrashdi.

Maqsad — hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish hamda Oʻzbekistonda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashishdir.

Dastlab Mirshohid Aslanov mehmonlarga markaz ekspertlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va olib borilayotgan izlanishlar, xususan, energetika, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari sohalarida oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalari haqida soʻzlab berdi.

Devid Xofman, o‘z navbatida, USAID O‘zbekistonda agentlik uchun muhim bo‘lgan to‘rtta sektorni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. Bular qatorida iqtisodiy o‘sish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, samarali boshqaruvdir. U davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, ularning jamoatchilik bilan faol muloqotini yo‘lga qo‘yish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari salohiyatini oshirish borasida Progressiv islohotlar markazi bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, AQSh “aql markazlari” bilan aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.