


Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov 20-may kuni Oʻzbekiston Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Akramjon Fozilov bilan uchrashdi.
Tomonlar davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, media hamjamiyatini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, jurnalist va blogerlar malakasini oshirishning dolzarb jihatlarini muhokama qildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda koʻplab xorijiy ommaviy axborot vositalariga yoʻl ochilgan, yangi ommaviy axborot vositalari yaratilmoqda. Bu esa oʻz navbatida mahalliy bozorda raqobatni kuchayishiga olib kelmoqda. Taqqoslash uchun, 2016-yilga nisbatan respublikada roʻyxatga olingan ommaviy axborot vositalari soni 40 foizga oshdi. Bu koʻrsatkich internet-nashrlar orasida 2 baravar koʻp — 88 foizga oshgan. Raqobat muhitida media-mahsulotlar sifati ham ortadi. Shu sababli, sifatli tahlilga asoslangan jurnalistika rivojini qoʻllab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning istiqbolli yoʻnalishlari, jumladan, OAVni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganish, OAVni moliyalashtirish mexanizmlari, media-axborot savodxonligini oshirish, data-jurnalistika kabi masalalar koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.