Markaz Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda

15.05.2024
CopyLink
Chop etish
Markaz Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda

Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov boshchiligidagi iqtisodchilar guruhi 14-may kuni Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) ekspertlari bilan uchrashdi.

Tomonlar Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va muqobil energiya manbalarini joriy etishning dolzarb jihatlarini muhokama qildilar. Taʼkidlangandek, bugungi kunda energetika tarmogʻi samaradorligini oshirish Oʻzbekiston uchun ham, butun mintaqamiz uchun ham dolzarbdir.

Aytish joizki, respublikada bu borada 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda. 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilingan.

Xususan, joriy yil oxiriga qadar respublika energiya balansi tarkibida “yashil” energiya ulushini rekord darajadagi 15 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan yirik obyektlarni qurish boʻyicha uch yillik dasturga start berilgan. Uning doirasida 2027-yilgacha 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiya quriladi. Jami 2,2 gigavatt boʻlgan 18 ta elektr saqlash quvvati oʻrnatiladi.

Uchrashuv davomida AFDning energetika boʻyicha maqsadli guruhi rahbari Mehdi Benaissa Oʻzbekiston bu boradagi salmoqli salohiyatga ega ekanligini va mamlakat rahbariyatining “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishdan manfaatdorligini taʼkidladi.

Xabar qilinishicha, AFD Oʻzbekistonda barqaror va samarali texnologiyalardan foydalangan holda energetika sohasini transformatsiya qilishga qaratilgan bir qancha loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuvda AFD va Progressiv islohotlar markazi oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, agentlik vakillari energetika sohasidagi istiqbolli loyihalarning samaradorligini baholash jarayonlariga markaz ekspertlarini jalb etishga qiziqish bildirdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.