


Progressiv islohotlar markazida Jahon banki loyiha rahbari, iqlim oʻzgarishi boʻyicha katta iqtisodchi Uilyam Xayns va katta iqtisodchi Pinar Yashar bilan uchrashuv boʻlib otdi.
Tomonlar Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashda texnik yordam koʻrsatish jihatlarini muhokama qilishdi. Shu bilan birga, fiskal siyosat va “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, “yashil” ish oʻrinlarini yaratish va investitsiya siyosati, iqlim taʼsiriga ijtimoiy moslashish sohasidagi boʻlgan jarayonlar tahlilida hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratdilar.
Jumladan, Oʻzbekistonning iqlim boʻyicha majburiyatlari, siyosati va imkoniyatlari, karbonsizlanish strategiyalari, moslashish choralari va yashil oʻtishning iqtisodiy oqibatlari borasida fikr almashildi. Unda Oʻzbekistonning barqaror oʻsishi va iqlim oʻzgarishiga chidamliligi uchun iqlimga mos qishloq xoʻjaligi, samarali suv boshqaruvi va xususiy sektorni rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, shoshilinch va oʻrta muddatli iqlim choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlanadi.
Mehmonlarga markaz faoliyati, uning xodimlarining ilmiy-tahliliy salohiyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va tadqiqotlar, jumladan, iqlim oʻzgarishi, iqtisodiy oʻsish, hududlarni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Uilyam Xayns, oʻz navbatida, ular tomonidan ishlab chiqilgan “Iqlimiy harakatlar sohasidagi salohiyati uchun koalitsiya: Markaziy Osiyo xabi” dasturning xususiyatlari haqida gapirdi. Taʼkidlanishicha, dastur iqlim oʻzgarishining aspektlariga eʼtibor qaratadi va Oʻzbekiston iqtisodiyotini kompyuter modellashtirish borasida malaka oshirishga qaratiladi. Ushbu model orqali sodir boʻlishi mumkin boʻlgan iqlim oʻzgarishlarni ham mamlakatning rivojlanish maqsadlari, ham global tendensiyalar nuqtai nazaridan koʻrib chiqish mumkin.
Ekspertlarning fikriga koʻra, Oʻzbekistonda ekologik toza mahsulotlar va kam uglerodli texnologiyalar ishlab chiqarish boʻyicha katta imkoniyatlar mavjud.
Jahon banki vakillarining Oʻzbekistondagi missiyasi — iqlim oʻzgarishi tendensiyalari va ularning mamlakat rivojlanishi uchun oqibatlarini tushunishni chuqurlashtirishga, Jahon banki texnik koʻmak koʻrsatishi mumkin boʻlgan sohalarni aniqlash va kelishishga qaratilgan. Shuningdek, iqlim oʻzgarishi va iqtisodiyot sohalarida tahliliy salohiyatni oshirishga yordam berish ham shular jumlasidandir.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha markaz ekspertlari “Iqlimiy harakatlar sohasidagi salohiyati uchun koalitsiya: Markaziy Osiyo xabi” mintaqaviy seminarida ishtirok etish uchun taklif qilindi.