“Xalqaro media bilan samarali muloqot: O‘zbekiston ovozini dunyoga yetkazish” nomli amaliy seminar o‘tkazildi

25.02.2026
141
“Xalqaro media bilan samarali muloqot: O‘zbekiston ovozini dunyoga yetkazish” nomli amaliy seminar o‘tkazildi

2026-yil 24-fevral kuni Progressiv islohotlar markazida davlat idoralari vakillari uchun xalqaro ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan “Xalqaro media bilan samarali muloqot: O‘zbekiston ovozini dunyoga yetkazish” mavzusida yuqori darajadagi bir kunlik amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Amaliy seminar O‘zbekiston davlat idoralari va kommunikatsiya sohasi xodimlarining dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan samarali ishlash salohiyatini oshirishga qaratilgan. Ishtirokchilar xalqaro yangiliklar bo‘limlari qanday ishlashi, muharrirlar nimalarga ustuvor ahamiyat qaratishi, O‘zbekistonning islohotlari va siyosiy tashabbuslarini raqobatbardosh global media makonda qanday joylashtirish haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

Seminar Tony Blair Institute for Global Change (TBI) ekspertlari va xalqaro ommaviy axborot vositalari mutaxassislari ishtirokida tashkil etildi. Seminarga Londondagi "The Times" gazetasining xalqaro yangiliklar muharriri David Rose xalqaro media vakili sifatida qatnashdi va unyoning yirik nashrlarida tahririyat qarorlarini qabul qilish masalalari bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ishtirokchilar xalqaro OAV bilan ishlash, op-ed yozish, dolzarb mavzularni tanlash, intervyularga tayyorgarlik hamda media uchun samarali pitching usullarini o‘rgandilar.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsadlar:

– Xalqaro fikr-mulohaza sahifalari va global yangiliklar tahririyatlari uchun ustuvor mavzular hamda narrativalarni aniqlash;
– Op-ed maqolalar tuzilishi, argumentatsiya va strategik pozitsiyalash bo‘yicha ilg‘or amaliyotlarni ulashish;
– Auditoriyani aniqlash va vaqtni to‘g‘ri tanlashni inobatga olgan holda maqolalar va intervyular uchun maqsadli pitching strategiyalarini ishlab chiqish;
– Tele va bosma OAV uchun intervyularga tayyorgarlik salohiyatini mustahkamlash.

Bundan tashqari, dasturda xalqaro yangiliklar muharrirlari bilan ochiq munozaralar bo‘lib o‘tdi, unda yangiliklar nima sababdan global miqyosda keng tarqalgani va xalqaro axborot makonida qanday qilib qiziqarli hikoyalar yaratilgani haqida so‘z bordi.

O‘zbekiston islohotlar yo‘lini davom ettirib, xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirar ekan, global auditoriya bilan samarali muloqot strategik ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Seminarda davlat xizmatchilariga O‘zbekistonning xalqaro maydondagi pozitsiyasini aniq, ishonchli va strategik yo‘naltirilgan holda yetkazilishini ta’minlash uchun amaliy ko‘nikmalar berildi.