“Kelajakni loyihalash: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida rivojlanishning muhim istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya mamlakatdagi transformatsiya jarayonlari, mavjud muammolar, rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlarini texnologiya va geosiyosiy voqelikning global tendensiyalarini hisobga olgan holda ekspertlik muhokamasi uchun ochiq maydonga aylandi.
Anjumanda “O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasidagi ustuvor dastur va loyihalarni tahlil va tadqiq qilish, ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi keng ko‘lamli milliy va xalqaro tashkilotlar, tuzilma va muassasalar vakillari, jumladan ekspertlar, yetakchilar, menejerlar va rahbarlar ishtirok etdi.
Taʼkidlangandek, 2017-yildan boshlab O‘zbekiston keng ko‘lamli tub o‘zgarishlar yo‘lini bosib o‘tdi. Bugungi O‘zbekiston nafaqat zamonaviy jahon tendensiyalari yutuqlarini qabul qiladigan va moslashtiradigan, balki o‘zi ham kamida mintaqaviy kun tartibini shakllantirguncha yuzaga chiqadigan harakatchan, yangiliklarga ochiq hamda dunyo hamjamiyatining doimiy ravishda rivojlanib boruvchi aʼzosini o‘zida aks ettiradi.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jadallashgan va O‘zbekiston yangi taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘ymoqda, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, taʼlimiy, ilmiy muhitning o‘zi esa ancha murakkab va serqirra bo‘lib bormoqda.
Bu o‘rinda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qabul qilinishi va “inson – jamiyat – davlat” tamoyilga asoslangan islohotlar falsafasining keyingi evolyutsiyasi tabiiy ko‘rinadi. Uning kun tartibiga iqtisodiyot va iqtisodiy o‘sishni transformatsiya qilish, inklyuziv va barqaror jamiyat qurish, samarali energetika tizimini yaratish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish kabi vazifalar kiritilgan.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi kelgusi yetti yilda iqtisodiyot, ijtimoiy farovonlik, siyosat va xavfsizlik sohalarida ko‘p qirrali islohotlarni rejalashtirishning asosiy platformasiga aylandi. Unda jamiyatda intellektual resurslarni birlashtirish, sohaviy va tarmoq reja va dasturlarini muvofiqlashtirish, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni taqozo etuvchi ulkan maqsadlar qo‘yildi. Shuning uchun turli ekspert platformalari o‘rtasida tizimli ravishda axborot va loyiha g‘oyalarini almashish, ekspertlar hamjamiyati va hukumat o‘rtasidagi muloqot muhim ahamiyatga ega.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjuman turli manfaatdor tomonlar o‘rtasida fikr va tajriba almashish, islohotlar jarayoni va uning mintaqaviy va global ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatga mumkin bo‘lgan taʼsirini har tomonlama tushunishga xizmat qildi.
Xususan, taʼkidlangandek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini taʼminlash yo‘nalishida jami 17 ta maqsadlar belgilangan. Jumladan kelgusi 7 yillikda iqtisodiyotimizni 2 barobar oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshirish maqsad qilingan.
Iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha taniqli ekspertlarning fikricha, mavjud salohiyatni inobatga olgan holda O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi o‘n yilliklarda mintaqadagi eng rivojlangan iqtisodiyotni qurishi va nafaqat o‘zi balki qo‘shni davlatlarni ham o‘rta rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishi mumkin. Ushbu maqsadlar uchun 2030-yilgacha 250 milliard dollar investitsiyalarni talab etadi. Bundan 110 milliard dollarni xorijiy investitsiyalar hisobiga, 40 mlrd dollarni – davlat-xususiy sheriklik doirasida jalb etish ko‘zda tutilgan.
Tadbir uchta asosiy yo‘nalishni qamrab oldi. Bular iqtisodiy o‘sish va transformatsiya strategiyalari; inklyuziv va barqaror jamiyat qurish; energetika va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish strategiyalaridir. Muhokamalar davomida aytilgandek, O‘zbekistonda o‘zgarishlar markazida inson, uning huquq va qonuniy manfaatlari turibdi. Inson kapitaliga, bilim va innovatsiyalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, uning raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatni barqaror rivojlantirish sharti sifatida qaralmoqda.
Ekspertlarning fikricha, tabiiy va energiya resurslaridan barqaror va samarali foydalanishga asoslangan “yashil” iqtisodiy o‘sishning Milliy strategiyasi atrof-muhit ifloslanishini minimal darajaga tushirish orqali tabiiy ofatlar hamda iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirishga qaratilgan. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga “yashil” texnologiyalarning joriy etilishi aholi turmush sifatiga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Natijada, shaharlarda yashash yana-da yoqimli va qulay bo‘ladi, hayot sifati, uning davomiyligi oshadi, chaqaloqlar o‘limi kamayadi va hokazo.
Muhokama yakunlari bo‘yicha “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga yana-da samaraliroq, resurs tejamkorlik bilan erishish, islohotlar jarayonlariga ilg‘or ilmiy, uslubiy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir Progressiv islohotlar markazi tomonidan Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Yevropa – O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bilan birgalikda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ko‘magida tashkil etildi.