Xalqaro hamkorlik va xavfsizlik: Fransiya elchisi bilan eksklyuziv intervyu

Xalqaro hamkorlik va xavfsizlik: Fransiya elchisi bilan eksklyuziv intervyu

Progressiv islohotlar markazi (PIM) tomonidan Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, janob Ualid Fuk bilan eksklyuziv intervyu tashkil etildi. Suhbat davomida O‘zbekiston hamda Fransiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, xalqaro munosabatlar hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.

Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Ualid Fuk professional diplomat, u Parij siyosiy tadqiqotlar institutida davlat boshqaruvi yo‘nalishida tahsil olgan. Professional faoliyatini Fransiya Tashqi ishlar vazirligida strategik xavfsizlik va qurolsizlanish masalalari byurosida boshlagan. Janob Fuk Pekindagi Fransiya elchixonasida siyosiy maslahatchi, Fransiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi xodimi sifatida faoliyat yuritgan. Keyinchalik Osiyo va Okeaniya direksiyasida Uzoq Sharq bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlagan. O‘zbekistondagi diplomatik missiya rahbari sifatida tayinlanishidan avval esa Prezident Emmanuel Makronning Osiyo, Okeaniya va Amerika qit’alari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.

Eksklyuziv intervyuning to‘liq YouTube kanalimizda tomosha qiling:


So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. Bugungi kunda ushbu sheriklikni asosan qaysi jabhalarda ko‘rish mumkin, deb o‘ylaysiz?

Darhaqiqat, 2025-yil hamkorligimizga alohida ahamiyat qaratildi, chunki ikki davlat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu bizga turli sohalarda keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish va amaliy loyihalarni rivojlantirish imkonini bermoqda. So‘nggi 4-5 yil davomida, avvalo, qayta tiklanuvchi energiya sohasida muhim loyihalarni amalga oshirdik. Jumladan, Voltalia kompaniyasi bilan O‘zbekiston bo‘ylab quyosh elektr stansiyalari barpo etildi. EDF kompaniyasi bilan esa energetika sohasida loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda energetika sohasida Fransiya O‘zbekistonning muhim hamkoriga aylandi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish ta’lim sohasi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Fransiya-O‘zbekiston universitetini tashkil etish bo‘yicha Farmonning qabul qilinishi tarixiy voqea bo‘ldi. Ushbu universitet Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi akademik almashinuvni kuchaytiradi, o‘zbekistonlik talabalar Fransiyada, fransuz talabalari esa O‘zbekistonda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, madaniyat sohasidagi hamkorlik ham yaxshi rivojlanmoqda. Biz O‘zbekistonga madaniy meros bo‘yicha ekspert yubordik. 2022-2023-yillarda Parijda Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazmalar tashkil etdik. Bu yo‘nalishlarda ham faol hamkorlik davom etmoqda va kelgusida yangi yutuqlarga erishamiz, degan umiddaman.

Bu hamkorlik doirasida O‘zbekiston Fransiyaning Markaziy Osiyo va mintaqaviy barqarorlik bo‘yicha kengroq strategiyasida qanday o‘rin tutadi?

O‘zbekiston ko‘plab sabablarga ko‘ra biz uchun muhim hamkor hisoblanadi. Eng avvalo, bizni O‘zbekiston xalqi va tarixi bilan bog‘laydigan mustahkam aloqalar mavjud. Shuningdek, biz tez rivojlanishga intilayotgan, dunyoga ochiq bo‘lishni va yangi islohotlarni amalga oshirishni istayotgan mamlakatlarga yordam berish va ular bilan hamkorlik qilishni xohlaymiz. Aslida, ochiqlik va islohotlar hozirgi O‘zbekiston siyosatining asosiy tamoyillaridir. Shunday uchun, Fransiya O‘zbekiston bilan yakdil bo‘lishiga ishonishingiz mumkin.

Ikkinchidan, biz e’tiborsiz qoldirayotgan muhim jihat shuki, biz yashayotgan dunyo nafaqat oldindan aytib bo‘lmaydigan, balki xavfli bo‘lib bormoqda. Ayrim davlatlar o‘z maqsadlariga erishish uchun kuch ishlatish va qo‘rqitishga tayyor. Xususan, Rossiya kabi davlatlar shunday qilmoqda. Fransiya esa doimo ko‘p tomonlama hamkorlik, xalqaro huquq va qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Bu esa o‘z o‘rnida, Fransiyaning o‘ziga xos belgisi, uning “DNK”sidir. Fransiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining tashkilotchi a’zolaridan sifatida xalqaro huquqqa asoslangan, adolat va xalqaro normalarga tayangan yondashuvni ilgari suradi. O‘zbekiston ham ayni shu yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi.  Shu bois, biz bu masalada juda yaqinmiz. Bu yondashuv va maqsad bizga farovonlik faqat xalqaro huquqga tayangan holda barpo etilishi mumkinligini eslatadi.

Farovon hayot yaratish uchun qonunlar va qoidalarga ehtiyoj bor va bu inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Shu nuqtai nazardan, biz aynan bir yo‘nalishdamiz. Eng muhimi esa, biz do‘stmiz. Menimcha, O‘zbekiston tinchlik kuchiga ishonadi. Biz ham Markaziy Osiyoda barqarorlik, xavfsizlik va tinchlik bo‘lishini istaymiz. O‘zbekiston va uning Prezidenti tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlarni nafaqat kuzatib boramiz, balki yuqori baholaymiz. Yana bir bor ta’kidlayman, Fransiyaga ishonishingiz mumkin — biz O‘zbekistonning qonun ustuvorligiga asoslangan barqaror muhitni ta’minlash yo‘lida doimo hamkorlikka tayyormiz. 

Albatta, tinchlik ta’minlangan joyda taraqqiyot, farovonlik bo‘ladi, shu yurtga investitsiyalar kirib keladi. Shu nuqtai nazardan, yaqinda ilk bor o‘tkazilgan Farg‘ona tinchlik forumi kabi tashabbuslarning mintaqa uchun ahamiyati qanday deb o‘ylaysiz?

Men, asosan, fransuz jamiyatidagi munosabatlar haqida gapiradigan bo‘lsam, yangi loyihalarni amalga oshirish, kelajakni oldindan ko‘ra olish va aholining ehtiyojlarini qondirish uchun tinchlik zarur. Tinchlik bo‘lmasa, o‘sish va rivojlanish imkonsiz bo‘ladi. Shuning uchun biz O‘zbekistonning shu yo‘nalishdagi barcha sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Fransiya bu mintaqadagi eng muhim davlatlardan biri bo‘lib, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida faol harakat qilmoqda. Fransiya BMT tashkil topganidan buyon dunyo bo‘ylab tinchlikni ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda. 

Biz butun dunyo bo‘ylab tinchlikparvarlik operatsiyalarida harbiy kuchlarimizni jo‘natganmiz. Shuningdek, jahon miqyosidagi mojarolarga yechimlar taklif qilishga harakat qilmoqdamiz. Yaqinda Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan mojaro, Yaqin Sharqdagi urushlar va Afrikadagi vaziyatlarda ham tinchlik o‘rnatishga yordam berishga harakat qilmoqdamiz va muqobil yechimlar taklif qila oladigan davlat bo‘lishga intilmoqdamiz. Ba’zan odamlar “hammasi oldindan belgilangan, boshqa yo‘l yo‘q” degan fikrni eshitishi mumkin, ammo bu bizning qarashimiz emas. Har doim boshqa imkoniyat, boshqa yo‘l mavjud. Xalqaro munosabatlarning taqdiri toshga o‘yib yozilgan emas.

Shu bois, BMT tashkilotchi a’zolaridan biri sifatida bizning burchimiz tinchlik uchun muqobil yechimlar va imkoniyatlarni taklif qilishdir. Shu o‘rinda, Yevropa qit’asining tarixi hisobga olinsa, bu vazifa yanada muhimdir. XX asrda Yevropa qit’asida ikki jahon urushiga duch keldik va bunday fojialarning takrorlanishini istamaymiz. Shu sababli, hozirda 27 ta a’zosiga ega bo‘lgan Yevropa Ittifoqi tashkil etildi va hech bir davlat bosqin yoki tajovuzga uchramasligi kerakligi borasidagi yakdil fikrga kelingan. Bu tamoyillar tariximiz va maqsadlarimizga asoslangan asosiy printsiplardir va biz ularni O‘zbekiston bilan ham baham ko‘rishga tayyormiz.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar faollashdi; ochiqlik, shaffoflik mustahkamlandi, byurokratiya va korrupsiyani yo‘qotish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotni rag‘batlantirish va xorijiy investitsiyalar oqimini oshirishga xizmat qiladi. Investorlar, odatda, mamlakatda barqarorlik, ishonchlilik va huquqiy muhitga e’tibor qaratadi. Sizningcha, Fransiya kompaniyalari uchun O‘zbekistonda qaysi sohalar ko‘proq jozibali va istiqbolli hisoblanadi?

Albatta, barqarorlik, qonun ustuvorligi va oldindan jarayonlarni taxmin qilish – investitsiyalarni jalb qilish uchun muhim ustunliklardir. Buni aytishimning sababi shundaki, Fransiya ham Yevropadagi eng jozibador mamlakatlardan biri bo‘lish uchun xuddi shu islohotlarni amalga oshirib kelmoqda va so‘nggi besh yil davomida ushbu reytingda yetakchi bo‘lib kelmoqda. Muayyan sohalarni sanab o‘tadigan bo‘lsam, birinchi navbatda energetika sohasi, xususan qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini aytgan bo‘lardim. Transport sohasi ham katta salohiyatga ega, masalan yaqinda Fransiya transport vaziri O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keldi va muzokalar olib borildi.  Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2030-yilgacha 180 ga yaqin samolyot xarid qilish bo‘yicha belgilangan maqsadlar transport sohasidagi hamkorligimiz uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Shuningdek, tramvay loyihalari bo‘yicha ham istiqbolli rejalarimiz mavjud.

Hozir qish mavsumi ekanini inobatga olib, isitish tizimlari va suv resurslarini boshqarish masalalarini ham hamkorligimiz yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida ta’kidlamoqchiman. Butun dunyo shunday halokatli qarorlarning oqibatlarini, xususan, Rossiya bosqini davrida O‘zbekistonda Oral dengizi ko‘p qismining yo‘qolishi kabi voqealarni chuqur angladi. Suv resurslaridan oqilona foydalanish O‘zbekiston uchun ham muhim masala hisoblanadi. Fransiya suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishda ishonchli hamkor bo‘lishga tayyor. Demak, asosiy yo‘nalishlar energetika, transport, suv resurslarini boshqarish va isitish tizimlaridir.

Shu bilan birga, yana bir muhim yo‘nalish kreativ iqtisodiyotdir. Bugungi kunda Yevropa, Shimoliy Amerika va Sharqiy Osiyoda kreativ iqtisodiyot rivojlanishning markazida turibdi. Fransiya bu sohada yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Masalan, “Clair Obscur: Expedition 33” nomli fransuz video o‘yini AQShda yilning eng yaxshi o‘yini deb topildi. Shuningdek, reklama, kino va madaniy mahsulotlar sohasidagi yutuqlarimiz bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shu kabi yo‘nalishlarda ham O‘zbekiston bilan hamkolikda ishlashga tayyormiz.

Ta’lim va madaniyat ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri. Fransiya elchixonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ta’lim va madaniyat sohasidagi mavjud yoki istiqbolli loyihalar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Dastlab shuni alohida ta’kidlashni istardimki, ta’lim har qanday hamkorlikning asosiy tayanchidir. Chunki fransuz tilini o‘rganayotgan, Fransiyaga borib ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar, shuningdek, O‘zbekistonga kelib tahsil olayotgan yoki tashrif buyurayotgan fransuz yigit-qizlari ushbu hamkorlikni kelgusida ham davom ettiradilar. Aynan ular ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi. Shu bois, ularni qo‘llab-quvvatlash va loyihalarini rivojlantirish nihoyatda muhimdir. Bu yo‘nalish O‘zbekistondagi Fransiya elchixonasining eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Biz yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev Farmoni bilan tashkil etilgan Fransiya-O‘zbekiston universitetini alohida e’tirof etamiz. Bu loyiha ikki davlat rahbarlari Prezident Emmanuel Makron va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, biz almashinuv dasturlari doirasida Fransiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar sonini, shuningdek, O‘zbekistonda ta’lim olayotgan fransuz talabalar sonini oshirishga intilmoqdamiz. Men Yevropa Ittifoqi institutlari bilan doimiy aloqadaman, shuningdek har safar O‘zbekiston viloyatlariga tashrif buyurganimda talabalar, shuningdek, universitetlar va mahalliy oliy ta’lim muassasalari mas’ullari bilan uchrashishga harakat qilaman. Bu masala men uchun juda muhim.

Shuningdek, fransuz tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirmoqdamiz. Bugungi kunda Toshkent va Samarqandda ikkita “Alliance Française” markazlari faoliyat yuritmoqda. Toshkentda Fransuz litseyi ham mavjud. Ushbu muassasalarning barchasi fransuz tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, Fransiyaga yoki fransuz tilida so‘zlashuvchi boshqa mamlakatlarga borish uchun yangi yo‘llarni ochish kabi umumiy maqsadga xizmat qiladi. Chunki, fransuz tili faqatgina Fransiya bilan cheklanib qolmaydi. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab qariyb 350 million kishi fransuz tilida so‘zlasha oladi, Fransiyaning o‘zida esa bu raqam atigi 68 millionni tashkil etadi. Demografik prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga borib fransuz tilida so‘zlashuvchilar soni 750 millionga yetishi kutilmoqda. Shuning uchun fransuz tilini o‘rganish kelajak uchun muhim sarmoyadir. Bu mening hozir fransuz tilini o‘rganayotgan yoki o‘rganishni boshlashni istayotgan barcha o‘zbekistonliklarga yo‘llagan asosiy xabarimdir: siz kelajagingizga sarmoya kiritayapsiz va o‘zingiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochyapsiz.

Xususan, fransuz tili — xilma-xillik tilidir. Uni o‘rganish boshqa tillardan voz kechish degani emas, aksincha, fransuz tili mavjud til bilimlari ustiga qo‘shimcha bilim manbai bo‘ladi. Bu esa, ayniqsa, boy va rang-barang til merosiga ega, ko‘p tilli mamlakat bo‘lgan O‘zbekiston uchun yanada muhimdir. Shu asnoda, bu bugungi til siyosatida muhim burilish nuqtasini anglatadi. Men tobora ko‘proq o‘zbekistonliklar bu jarayonga faol qo‘shilib, fransuz tilini o‘rganishga qiziqish bildiradi, degan umiddaman.

O‘zbekiston iqtidorli yoshlar startaplari va sun’iy intellekt sohasiga katta e’tibor qaratmoqda. Ushbu yo‘nalishlardagi tashabbus va o‘zgarishlarni qanday baholaysiz?

Avvalo, Fransiyaning o‘zida nimalar qilayotganimizga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Fransiya innovatsion ekotizimni rivojlantirishga intilmoqda. Aynan shu maqsadda, masalan, joriy yil boshida Parijda sun’iy intellekt bo‘yicha yirik sammit tashkil etdildi. Ushbu sohada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar va startaplarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, kuchli va barqaror ekotizim yaratishga harakat qilinmoqda. Bunga yaqqol misol sifatida Mistral kompaniyasini keltirish mumkin. Ushbu sun’iy intellekt ilovasi haqida bilasiz deb o‘ylayman. U ayrim jihatlari bilan ChatGPT yoki DeepSeek’ga nisbatan ham samaraliroq, deyish mumkin. Bu Fransiyaning ilm-fan, yuqori standartlar va mustaqillikka asoslangan holda muqobil yechimlar taklif qila olishini amalda ko‘rsatuvchi aniq misoldir.

Endilikda, ushbu ekotizimni O‘zbekiston ekotizimi bilan ham faol hamkorlik qilishini istaymiz. Ayniqsa, hozir O‘zbekistonda IT Park’da faoliyat yuritayotgan startaplar bilan. Men bir necha hafta avval IT Park’ga tashrif buyurdim va u yerda olib borilayotgan ishlardan juda katta taassurot oldim. Hozirning o‘zida ushbu maydonda o‘ndan ortiq startaplar faoliyat yuritmoqda, biz esa ularning soni yanada ortishiga umid qilamiz. Muhimi shundaki, biz o‘z ekotizimimizni rivojlantiryapmiz va uning O‘zbekiston ekotizimi bilan o‘zaro hamkorlikda ishlashini juda istaymiz.

Ikkinchi masala ilmiy tadqiqotlar bilan bog‘liq. Qanday qilib tadqiqot darajasida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik olimlar fransuz tadqiqotchilari bilan birgalikda yangi dastur va loyihalarni ishlab chiqishi mumkin? Aynan mana shu yo‘nalishda ham kelgusi yil va undan keyingi yillarda faol ishlashni rejalashtiryapmiz. Chunki Fransiyada, xususan, Paris-Saclay ilmiy markazi hamda boshqa ko‘plab shaharlarda tajriba va salohiyat mavjud. Biz o‘z bilim va tajribamizni bo‘lishishga tayyormiz. Shu bilan birga, kuchli saloyihatga ega bo‘lgan O‘zbekiston ilmiy va texnologik tizimidan o‘rganadigan jihatlarimiz ham juda ko‘p.

O‘zbek startaplari va yosh mutaxassislarga Fransiya bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qanday tavsiyalar berardingiz?

Biz har qanday delegatsiyani mamnuniyat bilan qabul qilamiz, bu hamkorlikni boshlashdagi birinchi qadamdir. Ya’ni, yosh startaplar yoki boshqa kompaniyalar rahbarlari Fransiyaga kelishni istasa, ular har doim mamnuniyat bilan kutib olinadi. Biz ular uchun maxsus dasturlar tashkil etamiz, kerakli hamkorlar va mutaxassislar bilan uchrashuvlarini ta’minlaymiz. Sizni Fransiyada kutib qolamiz. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron siyosatining asosiy o‘ziga xos jihatlaridan biri “Fransiyani tanlang” degan aniq va ravshan xabarni ilgari surishdir. Ya’ni, aynan Fransiyada o‘z loyihalaringizni rivojlantirishingiz, kompaniyalaringizni kengaytirishingiz, yangi hamkorlar topishingiz va investitsiya kiritishingiz mumkin. Ikkinchidan, biz fransuz kompaniyalarini ham O‘zbekiston ekotizimini kelib o‘rganishga rag‘batlantiryapmiz. Bu yo‘nalishda ham faol ish olib boryapmiz. Kelgusi yilga qo‘ygan asosiy maqsadim ham aynan shu — yangi loyihalar va dasturlarni aniqlash, hamkorlikni yanada mustahkamlash va birgalikda ishlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishdir.

Siz O‘zbekistonga kelganingizdan buyon mamlakatning turli hududlariga tashrif buyurdingiz. O‘zbekiston xalqi, madaniyati va mehmondo‘stligi haqidagi taassurotlaringiz qanday?

O‘zbekiston xalqining tillarda doston bo‘lgan mehmondo‘stligi — bu haqiqat. Men buni mamlakat hududlariga qilgan har bir safarim davomida shaxsan his qildim. Bu yerda “mehmondo‘stlik” so‘zi juda chuqur ma’noga ega bo‘lib, men uni har gal chin dildan his etganimdan juda mamnun bo‘ldim. Shuningdek, har bir hududda sezilayotgan kuchli energiya, oldinga intilish, yangi loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan qat’iyat, xorijiy hamkorlar bilan, ayniqsa Fransiya bilan ishlashga bo‘lgan katta qiziqish meni juda hayratga soldi. Butun mamlakat bo‘ylab yangi davr boshlanayotgani, yangilanish ruhi hukmron ekanini yaqqol his etish mumkin. Insonlarda katta g‘ayrat va shijoat, rivojlanishga intilish va xorijiy hamkorlar bilan ishlashga ishtiyoq sezilib turibdi. Bu ishonch va umidni oqlash mening asosiy maqsadimdir.

O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan qadimiy shaharlar mamlakati, bu borada turizm salohiyati haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?

Haqiqatdan ham, turizm sohasi O‘zbekistonda jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. O‘tgan yili mamlakatingizga 20 mingdan ortiq fransuz sayyohlari tashrif buyurdi va hozir bu ko‘rsatkich yanada oshib bormoqda. Fransiya turizm sohasida katta tajribaga ega va biz ushbu tajribani O‘zbekiston bilan bo‘lishishga tayyormiz.  Chunki Fransiya xorijiy sayyohlar uchun dunyodagi eng mashhur yo‘nalishlardan biridir. Fransiyaning har bir hududi, shuningdek, Karib dengizidan Tinch okeanigacha, Hind okeanini ham qamrab olgan dengizorti hududlarimiz turizm bo‘yicha boy va keng tajribaga ega. Shu bois, turizmni rivojlantirish borasida uzoq yillik va serqirra tajribamiz mavjud. Mavjud ijobiy tendensiyalardan tashqari, O‘zbekiston madaniy va tarixiy meros nuqtayi nazaridan ulkan salohiyatga ega. Bu beqiyos merosni yanada kengroq namoyish etish, unga e’tibor qaratish va dunyoga tanitish uchun imkoniyatlar nihoyatda katta. 

Fransiyada Versal saroyi, Luvr muzeyi, Shambor qasri, Luara vodiysidagi qasrlar va yana ko‘plab tarixiy maskanlar mavjud. Menimcha, O‘zbekiston ham xuddi shunday salohiyatga ega va biz ushbu bebaho merosni butun dunyoga namoyish etish uchun yangi dasturlarni birgalikda ishlab chiqishimiz mumkin. Biz allaqachon ayrim loyihalarda o‘z hissamizni qo‘shdik. Fransiya allaqachon ayrim yo‘nalishlarda o‘z hissasini qo‘shgan. Jumladan, Buxorodagi bu yilgi Biennale doirasida foydalanilgan karvonsaroyni ta’mirlash loyihasida fransuz me’mori ishtirok etdi. Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazini yangilash ishlari bilan esa fransuz me’moriy studiyasi shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonda Fransiya ishtirokidagi ikki arxeologik ekspeditsiya faoliyat olib bormoqda. Ushbu tadqiqotlar qariyb 30 yildan beri davom etmoqda. Men ulardan biriga shaxsan tashrif buyurdim va u yerda O‘zbekiston hududida yunon davriga oid saroy topilgani meni juda hayratga soldi. Bu topilma mamlakatning boy tarixi va betakror merosini yaqqol namoyon etadi. Menimcha, bu yo‘nalishda ham birgalikda ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirishimiz mumkin.

Diplomat bo‘lishingizga turtki bo‘lgan shaxs yoki voqealar haqida gapirib bersangiz?

Juda ajoyib savol! Avvalo shuni aytishim kerakki, bu bosqichma-bosqich shakllangan qaror. Buning uchun boshidanoq kuchli motivatsiya kerak. Menda esa bu juda aniq edi: men o‘z vatanimga xizmat qilishni, shuningdek, xorijda ham o‘zaro aloqalarni rivojlantirishni maqsad qilgandim. Diplomatiya – bu yangi uchrashuvlar, yangi imkoniyatlar demakdir. Shu sababli, O‘zbekistonga bo‘lgan birinchi qiziqishimga shu omil sabab bo‘lgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, men O‘zbekistonga kelishdan oldin bu mamlakatni o‘zim uchun kashf qilish orzusi bo‘lgan. Siz tilga olgan Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar Yevropada, xususan Fransiya nuqtai nazaridan afsonaviy maskanlardir. Ko‘plab fransuz yozuvchilari aynan shu shaharlar haqida asarlar yaratgan. Ayniqsa, Amin Maalouf, u fransuz tilini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi Académie française rahbari bo‘lib, “Samarqand” nomli kitob yozgan. Yana bir fransuz yozuvchisi Jan-Pyer Lyuminye esa Ulug‘bek va uning betakror matematik, astronom va hukmdor sifatidagi tarixiga bag‘ishlangan asar muallifi. Shunday qilib, men  fransuz diplomati sifatida — O‘zbekistonga kelish haqida uzoq yillar davomida orzu qilganman va bugungi kunga kelib, bu tanlovimdan mutlaqo afsuslanmayman.

Suhbatni olib bordi: Progressiv islohotlar markazi Media va axborot yetkazish bo‘limi rahbari Bahrom To‘ychiyev.

Progressiv islohotlar markazining
Media va axborot yetkazish bo‘limi