Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bilan memorandum imzolandi

12.02.2024
CopyLink
Chop etish
Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi bilan memorandum imzolandi

Bugun, 12-fevral kuni Progressiv islohotlar markazi va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Taʼkidlangandek, innovatsiyalar har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishida muhim oʻrin tutadi. Ular, shuningdek, fuqarolarni iqtisodiyotning turli tarmoqlariga integratsiyalashuvini va jamiyatning ijtimoiy barqarorligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshadi.

Oʻzbekistonda ham innovatsion gʻoyalar, mahsulotlar, yondashuvlar va ishlanmalarga iqtisodiy oʻsishining harakatlantiruvchi kuchi sifatida qaralmoqda. Birgina misol, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida Oʻzbekistonning Global innovatsion indeksda Top-50 talik mamlakatlar roʻyxatiga kirish kabi ambitsioz maqsad qoʻyilgan.

Progressiv islohotlar markazi va Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi oʻrtasida oʻrnatilayotgan hamkorlik mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni barpo etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, istiqbolli ishlanmalar va startap gʻoyalar, loyihalarni iqtisodiyotga tatbiq etishni qoʻllab-quvvatlash hamda yoshlar, kichik biznes tomonidan startap tashabbuslarini amalga oshirishga koʻmak berishga qaratilgan.

Memorandum doirasida, xususan, quyidagilarni amalga oshirish belgilandi:

  • real sektor ehtiyojlarini oʻrganish orqali texnologiyalar transferini tashkil etish;
  • tijoratlashtirish tizimini tahlil, prognoz va monitoring qilish, yoʻnalishlar boʻyicha marketing tadqiqotlarini amalga oshirish;
  • innovatsiyalarni rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi xorijiy kompaniyalar bilan oʻzaro tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish;
  • innovatsion isitish tizimi, ichki yoʻllarni yangi turdagi qoplamalar bilan qayta taʼmirlash kabi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish va boshqalar;

Shuningdek, tomonlar innovatsion iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha konferensiyalar, forumlar, muloqotlar va boshqa milliy va xalqaro tadbirlarni hamkorlikda tashkil etishni kelishib oldilar.