IELTS: TIZIM ICHIDA – SIZ KAMDAN-KAM ESHITADIGAN JAVOBLAR

IELTS: TIZIM ICHIDA – SIZ KAMDAN-KAM ESHITADIGAN JAVOBLAR

Progressiv islohotlar markazi (PIM) tomonidan Britaniya Kengashi direktori Maykl Xulgeyt bilan eksklyuziv intervyu tashkil etildi. Buyuk Britaniya va O’zbekiston o‘rtasidagi madaniyat, ta’lim va boshqa turli sohalardagi xalqaro hamkorlik, o‘zbekistonlik yoshlarning Buyuk Britaniyada ta’lim olishi, yoshlarning ingliz tili o‘rganishdagi intilishlari va IELTS imtihonidagi yuqori natijalari haqida suhbatlashildi. “Britaniya Kengashida IELTS imtihonlari IDPdagi imtihonlardan qiyinroqmi?” – degan bahsli savollarga Kengash direktorining o’zidan asosli javoblar olindi. Britaniya Kengashi tomonidan hozirda amalga oshirayotgan loyihalar, xususan, AELLCA dasturi bo‘yicha atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ingliz tili o‘qituvchilarining malaka va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritildi. 

Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi hozirgi strategik ustuvor yo‘nalishlari qanday?

Avvalo, Britaniya Kengashining dunyo bo‘ylab missiyasi haqida, keyin esa O‘zbekistonda amalga oshirayotgan ishlarimiz haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam. Britaniya Kengashi Buyuk Britaniyaning ta’lim va madaniy aloqalar bo‘yicha xalqaro tashkilotidir. Bizning vazifamiz esa butun dunyoda tinchlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlashdir. Bu aloqalarni o‘rnatish, tushunish va ishonch orqali amalga oshiriladi. Bu juda katta g‘oya, lekin juda oddiy g‘oya va u ishonch g‘oyasiga bog‘liq. Barcha xalqaro aloqalar, biznes yuritish yoki boshqa davlatlar bilan samarali ishlash, boshqa davlatlar bilan kelishuvlarga erishish haqida gap ketadimi, barcha xalqaro aloqalar muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun ishonchni talab qiladi. Agar bizda ishonch bo‘lsa, biz tinchlik va farovonlikka erishishimiz mumkin. 

Xo‘sh, ishonchni qanday shakllantiramiz? Buyuk Britaniyadagi odamlar va butun dunyodagi insonlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni o‘rnatish orqali ishonchni mustahkamlaymiz. Tushunishni qanday shakllantiramiz? Biz aloqalarni o‘rnatish orqali tushunishni shakllantiramiz. O‘zbekistondagi asosiy vazifamiz Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishdir. Ushbu aloqalar orqali biz Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro anglashuvni shakllantiramiz va bu anglashuv ishonchni mustahkamlaydi hamda pirovardida yanada tinch va farovon hayotga olib keladi, degan umiddamiz. 

O‘zbekistonda biz turli sohalarda ishlaymiz. Ya’ni biz ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha, ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha, xalqaro oliy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha, o‘qituvchilar bilan ishlash va yoshlarga malaka berish bo‘yicha faoliyat olib boramiz. Biz san’at va madaniyat sohasida, kreativ iqtisodiyot sohasida ishlab kelyapmiz. Mana shu sohalarning barchasi bo‘yicha O‘zbekiston va Buyuk Britaniya yoshlari o‘rtasida aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu amalda qay ko‘rinishda bo‘lishi mumkin? Aytaylik, O‘zbekistondagi bir yoshning ingliz tili orqali Buyuk Britaniya bilan bog‘lanishiga, ingliz tilini o‘rganishiga yordam berishimiz mumkin. O‘zbekistondagi yoshlarga chet elda o‘qish yoki Buyuk Britaniya malakasini olish yoki ingliz tili, masalan, IELTS kabi malakalarni qo‘lga kiritish orqali ishlash uchun yangi imkoniyatlardan foydalanishga yordam berishimiz mumkin. Buyuk Britaniyada o‘qish yoki O‘zbekistonda Buyuk Britaniya diplomini olish orqali O‘zbekistondagi yoshlarning Buyuk Britaniya bilan aloqa o‘rnatishini qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin. Birgalikda yangi loyihalar ustida ishlashlari uchun O‘zbekistondagi san’atkor Buyuk Britaniyadagi san’atkor bilan bog‘lanishini qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin, shunda ular yangi mamlakatlardagi yangi tomoshabinlar bilan aloqa o‘rnatishlari mumkin. Xullas, ingliz tili, ta’lim, san’at va madaniyatning barcha sohalarida biz odamlarni bog‘layapmiz, va umid qilamizki, bu aloqalar ko‘proq tushunishga, ishonchga va pirovardida tinch hamda farovon hayotga olib keladi.

Hozirda Britaniya Kengashi O‘zbekistonda qanday loyihalarni amalga oshirmoqda?

Bizning hozirgi strategik yo‘nalishimiz O‘zbekiston hukumatining islohotlarga qaratilgan sa’y-harakatlariga juda mos keladi. O‘zbekistonda iqtisodiyotni o‘zgartirish, ta’lim sohasini ochiq qilish, tillarni o‘rganish usulini o‘zgartirish va o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha ulkan islohotlar olib borilayotyapti. Shu sababli, bizning e’tiborimiz ta’lim sohasi bilan ishlashga va O‘zbekiston hukumati bilan ushbu izchil islohotlarga erishishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.Bu yerda uchta asosiy yo‘nalish bor. Birinchisi - ingliz tili. O‘zbekistonliklarning ingliz tilida yaxshiroq, sodda gapirishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu o‘qituvchilar ta’limini tubdan o‘zgartirish uchun O‘zbekiston hukumati bilan tizimli darajada hamkorlik qilishni anglatadi, chunki biz O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish sifatini mustahkamlash niyatidamiz. Yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash, ingliz tilini o‘zimiz o‘rgatish, biz buni onlayn tarzda amalga oshiramiz yoki IELTS kabi ingliz tili malakalarini olish imkoniyatini taklif qilamiz. Umuman olganda, ingliz tili bizning eng muhim ustuvor vazifamiz.

Ikkinchi yo‘nalish - xalqaro oliy ta’lim, yanada kuchli va kengroq transmilliy ta’lim sektorini qo‘llab-quvvatlash. Transmilliy ta’lim deganda biz o‘zbekistonliklarning Buyuk Britaniya diplomini olishini, lekin O‘zbekistonda olishini nazarda tutamiz. Oldinlari Buyuk Britaniya diplomini olish uchun Buyuk Britaniyaga borish kerak edi. Endi talabalar universitetlar joylashgan joyga emas, balki universitetlar talabalar turgan joyga borish tendensiyasi kuzatilmoqda. O‘zbekistonda o‘z ilmiy darajalarini taklif etayotgan Buyuk Britaniya universitetlari soni ortib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu taklifni kengaytirish, shuningdek, bu yerda taklif etilayotgan xalqaro darajalarning yuqori sifatli bo‘lishini ta’minlash va Buyuk Britaniyadagi darajalardan kutganimizdek, halollik va sifat kafolatiga ega bo‘lishini ta’minlash ustida ishlayapmiz. 

Uchinchi yo‘nalish - “kreativ iqtisodiyot.” Biz uchun san’at va madaniyat nafaqat o‘z-o‘zidan muhim, balki iqtisodiy o‘sish, ish o‘rinlari va farovonlikning asosiy omili hisoblanadi. O‘zbekiston san’at va madaniyat, adabiyot, dizayn, to‘qimachilik, meros va boshqa sohalarda ajoyib an’analarga ega. Endi hukumat bu ijodiy energiyani haqiqiy iqtisodiy o‘sish, farovonlik va ish o‘rinlariga yo‘naltirmoqchi. Ta’lim sohasidagi manfaatdor tomonlar bilan, madaniyat sohasidagi manfaatdor tomonlar bilan va hukumat bilan hamkorlikda ushbu intilishni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqdamiz. Shu sababli, yosh ijodkor tadbirkorlarga ko‘nikmalar berish, O‘zbekistonda yanada gullab-yashnayotgan ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan siyosat va tadbirlarni amalga oshirish ustuvor yo‘nalishlarimizdan biridir. 

Hozirgi kunda bizning asosiy dasturlarimizdan biri AELLCA (Accelerating English Language Learning in Central Asia) — Markaziy Osiyoda Ingliz Tilini O‘rganishni Tezlashtirish deb ataladi. Ushbu dastur Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va uning maqsadi besh Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishdir. Ingliz tili o‘qituvchilarining sifatini yaxshilash orqali biz O‘zbekistonning keyingi avlodini ingliz tilida muvaffaqiyatli bo‘lish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar bilan ta’minlashni maqsad qilganmiz. AELLCA dasturi juda keng qamrovli bo‘lib, o‘qituvchilar sifatini yaxshilash uchun ko‘p yo‘nalishli, 360 darajali yondashuvni qo‘llaydi. Biz nafaqat universitetlarda o‘qiyotgan yosh o‘qituvchilarni tayyorlash, balki amalda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarni qayta tayyorlash tizimlari bilan ham ishlaymiz. Ya’ni, biz hozirda o‘qituvchi bo‘lish uchun tayyorlanayotgan yoshlarni o‘qitish tizimini yaxshilashga ham ko‘maklashyapmiz. Shuningdek, amalda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, yangi boshlovchi, o‘rta yoki hatto uzoq yillik tajribaga ega bo‘lishidan qat’i nazar, ularning kasbiy rivojlanishini davom ettirish uchun ham qo‘llab-quvvatlayapmiz. Biz tizimli dastur, ya’ni faqat bitta yoki vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan treninglarni taqdim etish emas, balki o‘qituvchilarni tayyorlash dasturini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, zamonaviylashtirish va mustahkamlash ustida ishlayapmiz. Maqsad shuki, agar O‘zbekistonda o‘qituvchi bo‘lish uchun ta’lim olayotgan bo‘lsangiz, eng ilg‘or va sifatli ta’limni olishingiz ta’minlansin, shunda siz dunyo miqyosida yetakchi ingliz tili o‘qituvchisiga aylana olasiz. Shuningdek, biz o‘quv dasturiga inklyuzivlik tamoyillarini joriy etyapmiz, ya’ni o‘qituvchilar o‘z sinflaridagi talabalar turli xil ehtiyojlari va kelib chiqishini hisobga olgan holda ta’lim berishlari uchun tayyorlanmoqda. Bu orqali sinfdagi har bir talaba o‘zining kelib chiqishidan qat’i nazar, o‘qituvchining darsidan maksimal foyda olishi mumkin bo‘ladi. Mana shu tizimli ishlar biz amalga oshirayotgan asosiy vazifalardan biridir. 

Biz hozirgi vaqtda o‘qituvchilarga amaliy trening kurslarini ham taqdim etmoqdamiz. Masalan, barcha ingliz tili o‘qituvchilari uchun ochiq bo‘lgan onlayn modulimiz bor. Bu modul mamlakatdagi har bir maktab va har bir o‘qituvchi uchun ochiq bo‘lib, ularning ingliz tili o‘qituvchisi sifatidagi rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan 100 soatlik kursdir. Shuningdek, AELLCA dasturi doirasida amalga oshirilayotgan eng muhim ish — bu o‘qituvchilar uchun doimiy kasbiy rivojlanish (Continuous Professional Development, CPD) madaniyatini yaratishdir. Doimiy kasbiy rivojlanish deganda o‘qituvchilar o‘z rivojlanishlarining egasi bo‘lishlari va uni o‘zlari boshqarishlari tushuniladi. Bu shuni anglatadiki, o‘qituvchilar tashqi tashkilotlarning taklifiga bog‘liq bo‘lib qolmaydilar, ular faqat tashqi tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan treninglarga qatnashadi va keyin uylariga qaytadi, degani emas. Aksincha, doimiy kasbiy rivojlanish orqali o‘qituvchilar o‘z rivojlanishlarini o‘zlari boshqarib, o‘z-o‘ziga o‘qish resurslaridan foydalanishlari yoki eng muhimi, bir-birlaridan o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Ya’ni, doimiy kasbiy rivojlanishning juda muhim qismi o‘qituvchilarning tengdoshlari bilan bilim almashishi va o‘zaro o‘rganishidir.

Agar siz maktabda o‘qituvchi bo‘lsangiz, boshqa bir o‘qituvchiga “Men bu grammatik mavzuni o‘qitishda juda qiynaldim, o‘quvchilarim tushunishmadi” deb aytishingiz mumkin. Shunda boshqa o‘qituvchi o‘z tajribasini aytadi: “Men esa buni shunday tushuntirishga harakat qildim va bu usul juda yaxshi natija berdi.” Keyin birinchi o‘qituvchi shu usulni sinab ko‘rishi mumkin. Shu tariqa o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganishadi va bu doimiy rivojlanishni ta’minlash uchun juda muhim usul hisoblanadi, chunki o‘qituvchilar ishlayotgan paytda ham doimiy ravishda o‘zlarini rivojlantirishlari va yangi narsalarni o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Har hafta, har kuni ular o‘z mahoratlarini oshirib boradi. AELLCA dasturi orqali biz aynan shu tizimlarni va doimiy kasbiy rivojlanish madaniyatini shakllantirishga harakat qilmoqdamiz. Men yaqinda Toshkent yaqinidagi bir maktabda bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim va o‘sha yerda ingliz tili o‘qituvchilarining fikr almashish sessiyasida ishtirok etdim. Ingliz tili o‘qituvchilari bir joyda to‘planib, o‘qitishda duch kelayotgan qiyinchiliklarni muhokama qilishdi. Ular birgalikda “Bu mavzuni qanday o‘qitish mumkin?”, “Darsni qanday rejalashtirish mumkin?” kabi savollarga javob izlashdi, fikrlarini bo‘lishishdi, birga o‘rganishdi va o‘sishdi. Bu juda ajoyib tajriba bo‘ldi. 

Britaniya Kengashi O‘zbekistonda qariyb 30 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Sizningcha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini qachon ko‘rishimiz mumkin? O‘zbekiston ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlarni kuzatyapsiz?

Britaniya Kengashi 1996-yilda tashkil etilgan. Bu yil uning tashkil etilganiga 30-yil to‘ldi. Islohot bu uzoq muddatli jarayon. Agar siz ta’lim tizimini o‘zgartirish kabi murakkab vazifani bajarayotgan bo‘lsangiz, bu vaqt talab qiladi. Ammo, biz islohotlarning ba’zi natijalarini allaqachon ko‘ryapmiz. O‘zbekistonga endigina kelganim uchun menga bu borada solishtirish imkoniyati yo’q. Uch-to‘rt yil oldin O‘zbekiston vaziyat qanday bo‘lgani haqida tasavvurga ham ega emasman. Ammo men bu yerda ancha vaqtdan buyon faoliyat olib borayotgan hamkasblarim bilan gaplashsam, ular allaqachon, ingliz tilidagi so‘zlashuv hajmi bir necha yil oldingiga qaraganda anchagina ortganini aytishadi. Masalan, Buyuk Britaniya diplomini olayotgan o‘zbekistonliklar soni keskin oshib bormoqda. Har yili bir necha ming o‘quvchiga, yangi o‘quvchiga ko‘payyapti. Ingliz tilini baholash natijalariga nazar tashlasak, natijalar yil sayin ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ta’limda, til o‘rganishda transformatsiya bo‘layotganini ko‘rishimiz mumkin. Kelgusi yillarda bu ko‘rsatkich yanada o‘sishini kutib qolaman.

Britaniya kengashi so‘nggi yillarda IELTS test topshiruvchilarining ballari tendensiyasida qanday o‘zgarishlarni kuzatdi? Aslida, O‘zbekistondagi islohotlardan so‘ng, Britaniya kengashi qanday o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmoqda?

Menimcha, juda oddiy qilib aytganda, ballar tobora oshib borayotganini aniq ko‘rish mumkin. Aniq statistik ma’lumotlar hozir qo‘limda yo‘q, ammo bir necha yil avval butun mamlakat bo‘ylab atigi bitta yoki hatto birorta ham 9-darajali (band 9) natija bo‘lmasligi mumkin edi. Hozir esa har yili bir nechta shunday yuqori natijalar qayd etilmoqda. Umuman olganda, IELTS ballarining soni yil sayin oshib borayotganini ko‘rish mumkin. Menimcha, bu tendensiyalar juda ijobiy. Bu, kengroq ma’noda, ingliz tili hozir avvalgiga qaraganda ancha yuqori darajada qo‘llanilayotganining belgisi. Ingliz tili darajasi har yili izchil ravishda yaxshilanib bormoqda.

Menimcha, ingliz tili butun dunyoda global til hisoblanadi va dunyoning turli mamlakatlarida o‘rganiladi. Qayerga bormay, ingliz tili odamlar o‘rganadigan eng mashhur tillardan biri bo‘ladi. Lekin, O‘zbekiston boshqa mamlakatlardan farq qiladi deb o‘ylayman, chunki bu yerda ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan shunchalik katta ishtiyoq va qiziqish bor-ki, buni boshqa mamlakatlarda ko‘rmaganman. Men bu ishtiyoqni birinchi bor O‘zbekistonga kelganimda his qilganman. Avval hech qachon O‘zbekistonda bo‘lmaganman, ish boshlash uchun kelganimda aeroportda kutib olishdi va mehmonxonaga olib borishdi. O‘zbekiston haqida birinchi taassurotlarim shuki, har bir ko‘chada, har bir burchakda “Ingliz tilini o‘rganing, IELTS topshiring” deb yozilgan til markazlari bor edi. Bu juda hayratlanarli edi — ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan bu kuchli ruh va intilishni ko‘rish ajoyib. Bundan tashqari, O‘zbekistonning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, butun mamlakat shu maqsadga, ingliz tilini o‘rganishga juda yaxshi moslashgan va bir yo‘nalishda harakat qilmoqda. O‘zbekistonda prezidentdan tortib, vazirliklargacha barcha darajadagi hukumat organlari ingliz tilini o‘rganish va o‘qitishni juda qo‘llab-quvvatlaydi. Siz ota-onalarni tilga oldingiz, oilalar ham ingliz tilini o‘rganishga katta qiziqish bilan yondashadi, xususiy tashkilotlar, yoshlar ham shu yo‘nalishda faol. Ya’ni, O‘zbekiston jamiyatining deyarli har bir sohasida ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan ajoyib bir uyg‘unlik va ishtiyoq bor. Men bunday holatni ilgari hech qachon ko‘rmaganman, va bu juda katta ilhom manbai hisoblanadi. O‘zim ham tillarni o‘rganishga harakat qilaman, lekin har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lavermayman. Shunga qaramay, yosh o‘zbeklarning ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan fidoyiligi va mehnatkashligini ko‘rib, men juda katta ilhomlanaman.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda madaniy qarashlarda sezilarli o‘zgarish kuzatilmoqda: tobora ko‘proq ota-onalar farzandlarining ta’limiga sarmoya kiritmoqda. Sizningcha, bu tendensiya jamiyat va iqtisodiyotga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Shuningdek, bu o‘zgarishlarning natijalari qanchadan keyin ko‘zga tashlana boshlaydi?

Men uchun ta’limga kiritiladigan sarmoya mutlaqo eng muhim omil hisoblanadi. U hamma narsaga yo‘l ochadigan kalitdir. Agar O‘zbekiston juda raqobatbardosh global iqtisodiyot sharoitida rivojlangan iqtisodiyotga aylanishni istasa, unda yoshlar zamonaviy, eng ilg‘or ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari kerak. Ya’ni, ular eng yangi bilimlar, ilg‘or fikrlash yondashuvlari va so‘nggi ilmiy tadqiqotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari zarur. Bularning barchasi xalqaro ta’limga kirish imkoniyatidan kelib chiqadi, xalqaro ta’limga kirish esa ingliz tilini bilish orqali amalga oshadi. Mening fikrimcha, ta’limga, ayniqsa ingliz tilini o‘rganishga va xalqaro ta’limga kiritilayotgan sarmoya O‘zbekistondagi keyingi avlod yoshlarining kelajak sari dadil qadam tashlashi uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlashda mutlaqo asosiy ahamiyatga ega. Aynan shu ko‘nikmalar O‘zbekistonni kelajak sari olib boradi hamda mamlakatning barqaror o‘sishi va farovonligini ta’minlaydi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, islohotlar uzoq muddatli jarayondir. Bu shunday jarayon emaski, birdan o‘zgarish bo‘lib, hammasi yakunlanib qolsa. Ta’lim tizimini isloh qilish ustida doimiy ishlashimiz kerak bo‘ladi — bu jarayon hech qachon to‘liq yakunlanmaydi. Chunki hech qachon “endi ingliz tilini o‘qitish mukammal bo‘ldi, yaxshilashga hojat yo‘q” degan bosqichga yetib bormaymiz. Har doim takomillashtirish ustida ishlash davom etadi. Shu bois, uzluksiz sarmoya va doimiy e’tibor zarur. Biroq shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi bir necha yil davomida amalga oshirilgan islohotlarning natijalari allaqachon ko‘zga tashlanmoqda. Buni hozirgi kunda o‘zbek yoshlarining erishayotgan ta’lim darajalarida aniq ko‘rish mumkin.

Uzoq yillar davomida O‘zbekistonda IELTS imtihonidan band 9 darajasini olgan nomzodlar bo‘lmagan. 2023-yil bahorida O‘zbekistondan birinchi marta nomzod IELTS imtihonida band 9 natijasiga erishgani rasman e’lon qilindi. Shundan buyon, IELTS band 9 natijasiga erishayotganlar soni doimiy ravishda oshib bormoqda. Sizningcha, bu yutuq ortida turgan asosiy omillar nimalardan iborat? Bundan tashqari, O‘zbekistonlik nomzodlar uchun band 9 natijasiga erishish uchun juda uzoq vaqt talab qilganining asosiy sabablari nimada bo‘lgan deb o‘ylaysiz?

IELTS imtihonidan band 9 natijani qo‘lga kiritish — bu nihoyatda katta yutuq. Hatto ko‘plab ona tilida so‘zlashuvchilar ham band 9 natijani ololmasligi mumkin. Rostini aytsam, men o‘zim ham IELTSdan band 9 ololarmikanman — bunga ishonchim komil emas. Bu juda yuqori darajadagi natija. Shu sababli bugungi kunda O‘zbekistonda band 9 natijaga erishayotganlar soni ortayotganini ko‘rish juda quvonarli. Menga bu yerda bir nechta, men “ninerlar” deb ataydigan, band 9 sohiblari bilan uchrashish nasib qilgan. Ularning barchasida ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan kuchli fidoyilik va ingliz tilida nihoyatda ravon gapira olish qobiliyati meni doim hayratda qoldiradi. Xo‘sh, muvaffaqiyatning siri nimada? Menimcha, bu ikki asosiy omilga borib taqaladi. Birinchidan, ingliz tilida haqiqatan ham juda yuqori darajada gapira olishga e’tibor qaratish kerak. Til o‘rganishning asosiy qonuniyatlarini hammamiz bilamiz: tilni ko‘p ishlatish zarur. Ko‘p gapirish, ko‘p tinglash, ko‘p o‘qish va doimiy mashq qilish kerak. Ana shunda asta-sekin tilga ko‘nikib boriladi. Menimcha, band 9 darajaga erishish uchun katta fidoyilik va uzoq muddat davomida kundalik mashq qilish zarur. Til o‘rganishga to‘liq e’tibor qaratish muhim bo‘lsa-da, ikkinchi muhim jihat – bu imtihon formatini yaxshi o‘rganish va mashq qilishdir. Chunki imtihondagi savollar turi, tartibi, vaqt taqsimoti va imtihon oluvchilar qaysi turdagi javoblarni kutishini bilish juda muhim. Mana shu omillar yuqori ball olishda juda katta rol o‘ynaydi. Aynan shu ikki sabab tufayli O‘zbekistonda band 9 natijaga erishayotganlar soni ko‘paymoqda. Men IELTS band 8 natijaga erishgan bir nechta odam bilan suhbatlashganimda, ular esa “Men albatta band 9 olmoqchiman” deyishadi. Aslida, ko‘pchilik holatlarda band 8 natija yetarli bo‘ladi, hatto ishda, ta’limda yoki xalqaro darajada faoliyat yuritishda, Britaniya ta’limiga kirishda yoki ish topishda ham. Band 8 darajasi amalda kerakli bo‘lgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Shuning uchun, men shuni ham aytmoqchiman: band 9 olishga haddan tashqari intilishingiz shart emas. Bu juda katta yutuq, albatta, lekin hayotingizdagi hamma narsaning oxiri emas.

Buyuk Britaniya-O‘zbekiston ta’lim hamkorligining kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

Menimcha, hozirgi aloqalarimiz juda mustahkam. Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik hech qachon bunchalik kuchli bo‘lmagan. Avval biz muassasalar bilan alohida dasturlar ustida ishlagan bo‘lsak, hozir esa tizimdan tizimga, hukumatdan hukumatga darajada hamkorlik qilayapmiz. Natijada o‘zgarishlar nafaqat alohida shaxslar yoki muassasalarda, balki butun mamlakat miqyosida amalga oshmoqda. Bu hamkorlik yanada kuchayib borishini xohlayman. O‘zbekiston va Buyuk Britaniyada ta’lim va madaniyat sohalarining rivojlanishiga qarab, biz yanada mustahkam hamkorlikni barpo etishga tayyormiz deb o‘ylayman. Men birinchi navbatda, O‘zbekistonni xalqaro ta’limning mintaqaviy markaziga aylanishini ko‘rishni istardim. Shu jumladan, Buyuk Britaniya universitetlari kabi ko‘plab xalqaro universitetlarning O‘zbekistonda yuqori sifatli, dunyo darajasidagi diplomlarni taqdim etishini xohlayman. Shuningdek, faqatgina O‘zbekistonning turli hududlaridan emas, balki butun mintaqadan yoshlar ana shu xalqaro ta’lim imkoniyatlaridan foydalanish uchun O‘zbekistonga kelishini istayman. Ya’ni, O‘zbekiston haqiqiy xalqaro ta’lim markaziga aylanishi kerak. Ikkinchi jihat sifatida esa, O‘zbekistonda yoshlar ko‘p tilli bo‘lib, ulkan ingliz tili ko‘nikmalaridan foydalangan holda xalqaro ta’lim olishi, xalqaro ish imkoniyatlaridan foydalanishi, butun dunyo tashkilotlari bilan biznes olib borishi va O‘zbekistonning raqobatbardosh global iqtisodiyotning yetakchi o‘rinlaridan birini egallashi muhim deb hisoblayman.

Jamiyatimizda Britaniya Kengashi O‘zbekistondagi IELTS imtihoni boshqa test markazlariga qaraganda qiyinroq o‘tadi degan qarash mavjud. Siz bu haqda nima deb o‘ylaysiz?

Biz bu fikrning ba’zan mavjud ekanligini bilamiz. Shu imkoniyat uchun rahmat, chunki faktlarni aniq tushuntirish muhim. Aslida, bu butunlay noto‘g‘ri. IELTS imtihoni qanday tashkil etilganiga kelsak, u uchta sherik tomonidan boshqariladi: Cambridge, IDP va Britaniya Kengashi. Cambridge – asosiy akademik sherik bo‘lib, imtihonlarni ishlab chiqish, savollarni tayyorlash kabi ishlarni amalga oshiradi. Britaniya Kengashi va IDP esa butun dunyo bo‘ylab imtihonlarni o‘tkazadi. IELTS testlari aynan bir xil, agar siz Britaniya Kengashi yoki IDP orqali imtihon topshirsangiz, o‘rganadigan test materiallari ham, imtihonning darajasi ham bir xil bo‘ladi. Men aniq bilmayman, bu “Britaniya Kengashi imtihoni qiyinroq” degan noto‘g‘ri fikr qayerdan paydo bo‘lgan, lekin bu butunlay haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Testlar bir xil va qiyinlik darajasi ham bir xil. IDP va Britaniya Kengashi o‘rtasidagi yagona farq bu talabalar uchun joylashuv joylari, ro‘yxatdan o‘tish jarayoni va taqdim etiladigan qo‘shimcha xizmatlardir. Imtihonlar o‘zi esa bir xil va qiyinlik darajasi ham bir xil. Shuningdek, Britaniya Kengashi yaqinda IELTS topshirishga tayyorlanayotgan talabalar uchun juda qiziqarli yangilikni taqdim etdi, bu SI (Sun’iy Intellekt) asosidagi tayyorgarlik vositasi. Siz o‘z smartfon yoki boshqa qurilmangiz orqali IELTS savollarini mashq qilishingiz va real vaqt rejimida SIdan fikr-mulohaza olishingiz mumkin. U nafaqat ingliz tilidagi darajangizni to‘g‘rilaydi, balki sizning hozirgi darajangizni aniq baholab beradi. Masalan, agar siz hozir 6-darajadasiz va 7-darajaga chiqmoqchi bo‘lsangiz, SI vositasi “Javobingiz juda yaxshi, hozirda siz 6-darajada turibsiz, 7-darajaga chiqish uchun quyidagilarni bajarishingiz kerak” deb aniq ko‘rsatmalar beradi. Menimcha, bu juda foydali vosita bo‘ladi va Britaniya Kengashi orqali IELTSga ro‘yxatdan o‘tgan har bir talabaga ochiq. Bu kelajakda IELTS topshiradigan har bir kishi uchun juda yordam beradi deb o‘ylayman.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda IELTS imtihoniga talab oshib bormoqda. Avval test topshiruvchilar boshqa hududlarga borib imtihon topshirishgan. Ammo hozirda deyarli barcha test topshiruvchilar o‘zlarining imtihonlarini O‘zbekistonda topshirishyapti. Britaniya Kengashi buni amalga oshirish uchun qanday o‘zgarishlar qildi?

Britaniya Kengashi sifatida biz IELTS imtihonini topshirish jarayonini imkon qadar yaxshiroq qilish uchun doimiy ishlayapmiz. Bu degani, biz hamkorlik qilayotgan imtihon o‘tkaziladigan joylarni doimiy ravishda ko‘rib chiqamiz va ularni kengaytirishga harakat qilamiz, chunki biz IELTSni talabalar uchun yanada yaqinroq qilishni xohlaymiz. Talabalar imkon qadar kamroq yo‘l yurishlari uchun imkoniyatlar yaratishga intilamiz. Shuningdek, biz ro‘yxatdan o‘tish, to‘lov qilish kabi jarayonlarni iloji boricha oson va qulay qilish ustida ham ishlayapmiz. Biz doim mijozlarning, ya’ni IELTS topshiruvchilarining fikr-mulohazalarini ham inobatga olamiz va ularning tajribalarini yanada yaxshilash yo‘llarini izlaymiz. Biz har doim IELTS topshiruvchilarining o‘z tajribalari haqida fikr bildirishlarini intiqlik bilan kutamiz va ularning fikrlariga asoslanib xizmatlarimizni yanada rivojlantirishga harakat qilamiz.

Davlat muassasalari va xalqaro tashkilotlar ta’lim natijalarini yaxshilash uchun qanday qilib samaraliroq hamkorlik qilishi mumkin?

Bu borada bir necha jihatlar bor. Birinchisi, har qanday xalqaro tashkilot bilan mahalliy tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik mamlakatdagi haqiqiy ehtiyojlar va talablarni chuqur tushunishga asoslangan bo‘lishi kerak. Masalan, Buyuk Britaniyadan kelgan bir tashkilot O‘zbekistondagi muammoga o‘z yechimini keltirib, keyin yana ketib qolishi — aynan shunday holatlardan qochishimiz lozim. Hamkorlik mahalliy ehtiyojlar va talablarni yaxshi tushungan holda tashkil etilishi kerak. Xalqaro va mahalliy hamkorlar birga ishlab, erishmoqchi bo‘lgan maqsadlar va vazifalarni birgalikda aniqlashlari zarur. Ikkinchi jihat bu muvofiqlashtirishdir. Mutaxassislik va tajriba qayerda ekanligini tushunib, barcha xalqaro loyihalar bir-birini takrorlamasdan, aksincha, o‘zaro yordam berib, uyg‘un ishlashini ta’minlash kerak. Ko‘p turli xalqaro tashkilotlar bir xil O‘zbekiston hamkorlari bilan turli usullarda bir xil ishlarni amalga oshirishi juda oson va bu resurslarning behuda sarflanishiga olib keladi, chunki bu ishlar takrorlanadi va vaziyat chalkashib ketadi. Menimcha, O‘zbekistonda juda yaxshi asos bor, chunki Maktabgacha va Maktab Ta’lim Vazirligi raisligida Milliy Ta’lim Kengashi va muvofiqlashtirish guruhlari tashkil qilingan. Bu guruhlar barcha xalqaro hamkorlar uchun bir joyga to‘planib, o‘z ishlarini muvofiqlashtirish va tajriba almashish imkonini beradi. Uchinchi jihat — bu vaqt masalasi. Biz ta’lim islohotlari uchun qancha vaqt kerakligi haqida suhbatlashdik. Muvaffaqiyatli xalqaro hamkorliklar uzoq muddatli bo‘lishi kerak. Pedagoglar malakasini va ta’lim berish sifatini bir yoki ikki yil ichida tubdan o‘zgartirishni kutib bo‘lmaydi. Uzoq muddatli rejalashtirish zarur. Menimcha, bu Britaniya Kengashining kuchli tomonlaridan biri, chunki biz bu yerda 30 yildan beri faoliyat yuritmoqdamiz. Bu uzoq vaqt davomida ishlashimiz O‘zbekistondagi hamkorlar bilan uzoq muddatli rejalar tuzishga imkon beradi. Biz kelgusi yillar va o‘n yilliklarda ham hamkorlar bilan ishlashga umid qilamiz.

Suhbatni tomosha qilayotgan (yoki maqola shaklida o‘qiyotgan) insonlarga qarata nima degan bo‘lardingiz?

Biz global, ya’ni butun dunyo bilan bog‘langan bir dunyoda yashayapmiz. Ta’limingizda va kasbingizda muvaffaqiyatga erishish uchun siz xalqaro maydonda faol bo‘lishingiz kerak bo‘ladi. Dunyo bo‘ylab hamkorlar bilan ishlashingiz zarur. Britaniya Kengashi esa sizning ushbu maqsadingizda yordam berish uchun shu yerda. Agar siz ingliz tilini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, ingliz tilidagi malaka olishni istasangiz, Buyuk Britaniyada o‘qishni xohlasangiz yoki qandaydir aloqada bo‘lishni niyat qilsangiz, Britaniya Kengashi sizga yordam beradi. Agar siz Britaniya Kengashi orqali Buyuk Britaniya bilan bog‘lansangiz, o‘zingizni global raqobatbardosh va tarmoqlashgan dunyoda muvaffaqiyatli kelajak va ish faoliyatiga tayyorlayapsiz!

Suhbatni olib bordi: Progressiv islohotlar markazi Media va axborot yetkazish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Ziyoda Rahimova.

Progressiv islohotlar markazining
Media va axborot yetkazish bo‘limi