


2025-yil 15-16-oktyabr – Farg‘ona shahrida ilk bor “Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot uchun birlashamiz” nomli Farg‘ona tinchlik forumi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Qirg‘iziston va Tojikistonlik hamkorlar bilan birgalikda milliy va xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etilmoqda.
Tadbir kun tartibidan muloqot va ishonchni mustahkamlash, Farg‘ona vodiysida barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, uning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, xususiy sektor, yoshlar va fuqarolik jamiyatining rolini kengaytirish kabi mavzular o‘rin olgan. Forumda MDH, Osiyo, Yevropa va Amerikaning yetakchi tahlil markazlari ekspertlari, Markaziy Osiyo mamlakatlarining fuqarolik jamiyati, tadbirkorlik hamjamiyati, ilmiy hamjamiyat vakillari va yoshlar faollari ishtirok etmoqda.
Muloqotda ishtirok etish uchun xalqaro tashkilotlar - BMT, SHHT, MDH, KXSHT, Yevropa Ittifoqi va YeXHTning yuqori darajadagi vakillari ham taklif etilgan. Bundan tashqari, tinchlik o‘rnatish sohasidagi yetakchi xalqaro tuzilmalar, jumladan, Germaniyaning Bergxof jamg‘armasi, Finlyandiyaning M.Axtisaari tinchlik jamg‘armasi, Shveysariyaning PeaceNexus jamg‘armasi, Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti ishtirok etmoqda.
Tadbir nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki butun Markaziy Osiyo xalqlarining hamjihatligini o‘zida namoyon etgan mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash va o‘sib borayotgan hamkorlik jarayonlarini o‘zida aks ettirishi e’tirof etildi. Forumda jami 300 ga yaqin kishi, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 150 ga yaqin, MDH, Osiyo, Yevropa va Amerikadan 50 dan ortiq kishi ishtirok etmoqda.
Farg‘ona forumi muloqot va ishonchni mustahkamlash, Farg‘ona vodiysini rivojlantirishning umumiy strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan doimiy platformaga aylanishi lozimligi ta’kidlandi.
Forum O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirish to‘g‘risida bildirgan fikrini yana bir bor tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo hamjihatlik, barqarorlik va o‘sib borayotgan mintaqaviy o‘ziga xoslik tufayli xalqaro munosabatlar tizimida alohida mustaqil subyekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda. Farg‘ona vodiysida yaxshi qo‘shnichilik muhitining shakllanishi barcha besh davlat rahbarlarining mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni saqlash borasidagi siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida butun Markaziy Osiyoda ijobiy jarayonlarning ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.