


Riga, Latviya — Joriy yilning 5-iyun kuni Latviya poytaxti Riga shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) 2026-yilgi Yillik yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Tadbir dunyoning turli mamlakatlaridan davlat rahbarlari, hukumat vakillari, xalqaro moliya institutlari, rivojlanish tashkilotlari, biznes hamjamiyati hamda fuqarolik jamiyati vakillarini bir maydonga jamladi.
Yig‘ilishning ochilish marosimida Latviya Prezidenti Edgars Rinkēvičs, YTTB Prezidenti Odile Renaud-Basso, Yevropa Komissiyasining iqtisodiyot bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis hamda BMT Bosh kotibining inklyuziv moliyalashtirish bo‘yicha maxsus vakili, Niderlandiya Qirolichasi Maksima nutq so‘zladi.
Tadbirning ilk kunidagi muhokamalar global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi. Xususan, geosiyosiy beqarorlik sharoitida iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inson kapitalini rivojlantirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Sessiyalarda Markaziy Osiyoning geoiqtisodiy ahamiyati ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi O‘rta koridor (Middle Corridor) mintaqalararo savdo, transport-logistika aloqalari va investitsion hamkorlikni rivojlantirishda muhim strategik yo‘nalish sifatida qayd etildi.
YTTB rahbariyati bankning xususiy sektorni rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, inson kapitaliga investitsiyalarni kengaytirish hamda institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatini izchil davom ettirishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, samarali iqtisodiy boshqaruv va xalqaro sheriklik barqaror hamda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim omillari sifatida e’tirof etildi.
Yig‘ilish doirasida moliyaviy farovonlik va moliyaviy inklyuziya masalalariga bag‘ishlangan alohida sessiya ham o‘tkazildi. Unda aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bilan bir qatorda, ularning moliyaviy barqarorligi, jamg‘arma madaniyati va uzoq muddatli iqtisodiy farovonligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Yillik yig‘ilishning birinchi kunida ko‘tarilgan mavzular Progressiv islohotlar markazi tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar bilan hamohangdir.
Progressiv islohotlar markazi vakili YTTB Yillik yig‘ilishi doirasidagi navbatdagi sessiyalar va uchrashuvlarda ham ishtirok etib, iqtisodiy islohotlar, innovatsiyalar, kasbiy ta’lim, inson kapitali va barqaror rivojlanish masalalari yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan muloqotlarni davom ettiradi.