Doha shahrida Progressiv islohotlar markazi va Doha fan va texnologiya universiteti (DFTU) o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. O‘zaro akademik hamkorlik yo‘lga qo‘yilishini nazarda tutgan mazkur hujjatni imzolash marosimi mamlakatimizning Qatardagi elchixonasi ko‘magida tashkil qilindi.
Ma’lumot uchun: 2022-yil Amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Soni farmoyishi bilan tashkil etilgan DFTU Qatardagi amaliy, texnik va kasb-hunar ta’limiga ixtisoslashgan birinchi universitet hisoblanadi. Ushbu oliy ta’lim muassasasi 64 mutaxassislik bo‘yicha bakalavr va magistr tayyorlaydi. Universitet tarkibida biznes, muhandislik, IT, tibbiyot va umumiy fanlarga ixtisoslashgan 5 ta kollej bor. Bundan tashqari, DFTU xalqaro darajadagi ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga ham e’tibor qaratmoqda.
Tomonlar birgalikda respublikamizning aholi zich joylashgan shaharlaridan biri – Namanganda O‘zbekiston – Qatar kasbiy mahorat markazi ochishni rejalashtirgan. Ushbu markaz yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bilan birga, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishga ham ko‘maklashadi.
Ushbu majmua ikki davlatning mustahkamlanib borayotgan aloqalari ramzi sifatida o‘zaro ishonch va umumiy manfaatga asoslangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz. Bu nafaqat iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shadi, balki ta’lim va texnologik hamkorlik sohalarida ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
“Barpo etilayotgan majmua Farg‘ona vodiysi aholisini jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy texnik ko‘nikmalarni o‘zlashtirish jarayoniga jalb etadi. Nafaqat ishsizlik darajasini pasaytirish, balki mamlakatimizda yirik sarmoyaviy tashabbuslar amalga oshirishga xizmat qiladigan bu loyiha ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim vositasiga aylanishi shubhasiz.”– deydi Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov.
Mazkur tashabbus malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bugungi kun talabiga to‘liq javob beradi. Yurtimizda xorijiy investorlar amalga oshirayotgan zamonaviy infratuzilma, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha loyihalarida muvaffaqiyatli ishlashga qodir muhandislik, payvandlash texnologiyasi, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yangi markaz zamonaviy kasb-hunar ta’limining rivojlanishiga turtki beradi va innovatsion tadqiqotlar uchun platforma sifatida ham xizmat qiladi.
“Markaz kasbiy jihatdan o‘sish uchun yangi ufqlar ochib, fuqarolarimizning xalqaro darajadagi bandligini ta’minlaydi.” – dedi Ashraf Xo‘jayev.
Markazda mashg‘ulot DFTUning ilg‘or dasturlari yordamida ingliz tilida olib boriladi. Bitiruvchilar Yaqin Sharq, Yevropa va Amerikada ishlash imkonini beradigan, xalqaro miqyosda tan olingan sertifikatga ega bo‘ladi. Bu esa yoshlar uchun xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘lish imkonini oshiradi.
“Universitetimiz texnik mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha samarali tizim asosida faoliyat yuritadi. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘ziga xos va jadal rivojlanayotgan munosabat asnosida tegishli markaz tashkil etilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”– deydi DFTU rektori, professor Salim Al-Naimiy.
Elchixonamiz mas’ullari mazkur tashabbus Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan yoshlar uchun imkoniyatni kengaytirish, tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, qashshoqlikni kamaytirish singari strategik maqsadlar bilan hamohangligiga e’tibor qaratdi.