PIM O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi

03.07.2026
CopyLink
Chop etish
PIM O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi

2026-yil 3-iyul kuni O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi hamda Progressiv islohotlar markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Ushbu hamkorlik memorandumi O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi Boshqaruv raisi Odiljon Tojiyev va PIM bosh direktori va hammuassisi Mirshohid Aslanov tomonidan tuzildi. Mazkur memorandum media sohasini rivojlantirish, raqamli transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, axborot makonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, jamiyatda media va axborot madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Hamkorlik doirasida tomonlar media va axborot texnologiyalari sohasidagi dolzarb masalalarni o‘rganish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, davlat organlari, parlament, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muloqot maydonlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, memorandum seminarlar, treninglar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazish, ekspertlar hamda soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish, tahliliy materiallar va ekspert xulosalarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni ham nazarda tutadi.

Mazkur hamkorlik Progressiv islohotlar markazining ochiq va zamonaviy axborot makonini rivojlantirish, media savodxonligini oshirish hamda raqamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.