PIMda WGI bo‘yicha milliy tizimni rivojlantirishga bag‘ishlangan strategik seminar o‘tkazildi

28.07.2026
CopyLink
Chop etish
PIMda WGI bo‘yicha milliy tizimni rivojlantirishga bag‘ishlangan strategik seminar o‘tkazildi

2026-yil 28-iyul kuni Progressiv islohotlar markazi (PIM)da O‘zbekistonda Jahon bankining Butunjahon boshqaruv ko‘rsatkichlari (Worldwide Governance Indicators — WGI) asosida davlat boshqaruvi sifatini monitoring qilish, tahlil qilish va takomillashtirish tizimini shakllantirishga bag‘ishlangan strategik seminar o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy spikeri sifatida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan jalb qilingan xalqaro maslahatchi janob Edouard Bloch-Escoffier ishtirok etdi. Seminarda PIM hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining mas’ul xodimlari qatnashdi.

Seminar davomida WGI metodologiyasining asoslari, foydalaniladigan xalqaro manbalar tuzilmasi va natijalarni talqin qilish xususiyatlari ko‘rib chiqildi. WGI alohida qonunlar, davlat dasturlari yoki rasmiy statistikaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bahosi emasligi, balki davlat institutlarining amalda qanday faoliyat yuritishi haqidagi ekspert baholari, aholi va biznes so‘rovlari asosida shakllanadigan umumlashtirilgan qarashlarni aks ettirishi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekistonning WGI bo‘yicha oltita yo‘nalishdagi — ovoz berish huquqi va hisobdorlik, siyosiy barqarorlik, davlat boshqaruvi samaradorligi, tartibga solish sifati, qonun ustuvorligi hamda korrupsiyani nazorat qilish bo‘yicha — joriy holati va dinamikasi muhokama qilindi. Har bir yo‘nalish alohida hisoblanishi va WGI mamlakat uchun yagona umumiy o‘rin belgilamasligi qayd etildi. Ayrim yo‘nalishlardagi ijobiy dinamikaga qaramay, hisobdorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyani nazorat qilish masalalari kelgusidagi ishlar uchun eng sezgir yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda.

Muhokamaning alohida qismi amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami bilan ularning xalqaro manbalarda aks etish darajasi o‘rtasidagi tafovutga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar izchil institutsional o‘zgarishlarni ochiq va ishonchli dalillar bazasini shakllantirish, manbalarni muntazam monitoring qilish hamda xalqaro baholashlarning metodologik mustaqilligiga qat’iy rioya etgan holda mustaqil ekspertlar hamjamiyati bilan professional muloqot olib borish bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Seminarning amaliy qismida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Manbalar va institutsional mas’uliyatni xaritalash, WGI’ning oltita yo‘nalishi bo‘yicha uslubiy va tahliliy materiallar tayyorlash, ma’lumotlar bazasini shakllantirish, monitoring tizimi va axborot platformasini rivojlantirish hamda ekspertlar salohiyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Seminar yakunlari bo‘yicha loyiha ustuvorliklarini, tadbirlar ketma-ketligini va idoralararo muvofiqlashtirish mexanizmlarini yanada aniqlashtirish yo‘nalishlari belgilandi. PIMning milliy hamkorlar va OTB bilan hamkorligi davlat boshqaruvi sifatini mustaqil va dalillarga asoslangan holda tahlil qilish hamda institutsional islohotlar bo‘yicha amaliy tavsiyalar tayyorlashga qaratilgan holda davom ettiriladi.