Toshkentda “Fuqarolik jamiyati haftaligi” start oldi

01.12.2025
CopyLink
Chop etish
Toshkentda “Fuqarolik jamiyati haftaligi” start oldi

2025-yil 1-dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari rivoji, amalga oshirilgan ishlar tahlili va istiqboldagi takliflarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” boshlandi.

Tadbir Oliy Majlis palatalari, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, “Yuksalish” harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Barqaror rivojlanish” markazi va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan tashkil etilmoqda. Haftalikda parlament, respublika va mahalliy ijro organlari, xalqaro va mahalliy nodavlat tashkilotlar, diplomatik korpuslar, elchixonalar vakillari hamda Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishmoqda.

2024-yil 26-avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 124-sonli Prezident farmoniga muvofiq, har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” o‘tkazilishi belgilangan.

Bu yilgi tadbirlar dastlab respublikaning barcha hududlarida 1500 nafardan ortiq fuqarolik jamiyati vakillarini jalb qilgan holda o‘tkazilib, eng muhim taklif va tashabbuslar saralangan. Ushbu natijalar asosida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” Toshkentda rasmiy tarzda boshlab berildi.

Yangi O‘zbekiston sharoitida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jamoat birlashmalari, NNTlar, mahalla institutlari va OAV davlat va jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.

Haftalikning maqsadi — sohadagi islohotlar samaradorligini baholash, mavjud tajriba va amaliyotni umumlashtirish, shuningdek, kelgusi tashabbus va strategiyalarni ishlab chiqishdir. Tadbirlar 1–5 dekabr kunlari Toshkent shahrida davom etadi.

Dastur doirasida Oliy Majlis palatalari va Adliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvlar, NNTlar milliy forumi, xalqaro konferensiya, nogironligi bo‘lgan shaxslar mahsulotlari yarmarkasi o‘tkaziladi. Shuningdek, NNT tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Maqsadli loyihalar” aksiyasi, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni, “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti va davlat organlari orasida eng yaxshi hamkor tashkilotni aniqlashga qaratilgan tanlov g‘oliblari taqdirlanadi.

Fuqarolik jamiyati haftaligi davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali, ochiq va konstruktiv hamkorlikni kuchaytirish, NNTlarning ehtiyojlarini tizimli o‘rganish hamda taraqqiyotning ustuvor masalalari bo‘yicha fikr almashish uchun muhim platforma vazifasini bajaradi.

Tashkilotchilar barcha faol fuqarolar va jamoatchilik vakillarini Haftalik tadbirlarida faol ishtirok etishga chorlaydi.