


2025-yil 16-fevral kuni Progressiv islohotlar markazi (PIM) Osiyo Sun’iy Intellekt Assotsiatsiyasi (AICA) bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu memorandum sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va davlat boshqaruvi sohalarida strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qiladi. Xususan, innovatsion yondashuvlar, ilmiy-tahliliy hamkorlik va institutsional salohiyatni oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun asos yaratadi.
Ushbu hamkorlik memorandumi AICA raisi Vladimir Norov va PIM bosh direktori va hammuassisi Mirshohid Aslanov tomonidan tuzildi. Ma’lumki, AICA O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida tashkil etilgan assotsiatsiya bo‘lib, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, innovatsion yechimlarni tatbiq etish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan faoliyat olib boradi.
Tomonlar quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda:
– Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya bo‘yicha treninglar, seminarlar va amaliy dasturlarni birgalikda tashkil etish;
– Davlat boshqaruvi va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt asosidagi innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma tahliliy hisobotlar va siyosat tavsiyalarini ishlab chiqish;
– Forumlar, konferensiyalar, ko‘rgazmalar va davra suhbatlari orqali tajriba almashish hamda ilg‘or amaliyotlarni targ‘ib qilish;
– Ilmiy-tahliliy modellar va qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish;
– Ekspertlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislar o‘rtasida malaka almashinuvi platformalarini shakllantirish.
Mazkur memorandum sun’iy intellekt texnologiyalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlariga integratsiya qilish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va ilmiy-analitik salohiyatni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Hamkorlik doirasidagi aniq loyihalar, muddatlar va moliyaviy shartlar alohida kelishuvlar asosida belgilanadi. Tomonlar ochiqlik, innovatsion fikrlash va o‘zaro manfaat tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga intilmoqda.