


Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining Markaziy Osiyodagi rivojlanish loyihalari boʻyicha direktori Sara Kuper bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qildilar. Shu tariqa, qonun hujjatlari loyihalarining tartibga solish taʼsirini baholash sohasida PIM ekspertlari salohiyatini oshirish, Oʻzbekistonda qonun hujjatlarining iqtisodiy taʼsirini baholash vositalaridan foydalanish boʻyicha Buyuk Britaniya tajribasini oʻrganish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish va tartibga solish taʼsirini baholash bilan shugʻullanuvchi Britaniya tahlil markazlari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan aloqa oʻrnatish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari vakillari uchun xorijlik ekspertlarni taklif etgan holda tahliliy materiallar yozish va data-jurnalistikani rivojlantirish boʻyicha maxsus treninglar tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Umuman olganda, tomonlar Oʻzbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining shaffofligini, jamiyatda inklyuzivlikni taʼminlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish va innovatsion yondashuvlardan foydalanishga oid keng koʻlamli masalalarni koʻrib chiqdilar.