Toshkent, 2025-yil may —BMTning ayollar huquqlarini kengaytirish va gender tengligi bo'yicha tashkiloti va mustaqil tahlil markazi Progressiv islohotlar markazi (PIM) O‘zbekistonda gender tengligi va ayollar huquqlarini ilgari surish yo‘lida hamkorlikda ishlash bo‘yicha Anglashuv Memorandumini (MoU) imzoladi. Ushbu hamkorlik dalillarga asoslangan siyosiy islohotlarni ilgari surish, institutlar salohiyatini mustahkamlash va gender masalalari bo‘yicha inklyuziv milliy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan.
Mazkur kelishuv BMT Ayollar tashkilotining gender tengligi bo‘yicha global vakolati va boy texnik tajribasini PIM’ning O‘zbekiston jamiyatini chuqur tushunishga asoslangan mahalliy tahlillari, ilmiy salohiyati va siyosiy tavsiyalar ishlab chiqishdagi tajribasi bilan birlashtiradi. Hamkorlik doirasida ikki tomon ayollarga qarshi zo‘ravonlikni oldini olish, ayollarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, genderga sezgir boshqaruv mexanizmlarini joriy etish va ommaviy axborot vositalarida gender tenglik masalalarini yoritishni kuchaytirish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni ilgari suradi.
“Bu bizning mintaqadagi mustaqil markazlar va fikr yetakchilari bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan keng strategiyamizdagi muhim qadamdir. Gender tengligi borasidagi barqaror yutuqlar faqat hukumat sa’y-harakatlariga emas, balki PIM kabi ishonchli va ma’lumotlarga tayangan institutlarning faol ishtirokiga ham bog‘liq,” — dedi BMT Ayollar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Eliza Fernandes Seans.
PIM ma’lumotlarni tizimli ravishda to‘plash va chuqur tahlil qilish, dolzarb va ishonchli tadqiqotlar olib borishda yetakchi rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, BMT Ayollar tashkiloti esa global ilg‘or tajribalar, xalqaro standartlar va texnik yordamni taqdim etib, O‘zbekistonning gender sohasidagi islohotlarini xalqaro kontekst bilan muvofiqlashtirish va mustahkamlashga ko‘maklashadi.
“Ushbu hamkorlik gender tengsizligiga qarshi kurashda mahalliy sharoitga asoslangan, lekin global tajribadan xabardor yondashuvlarga o‘tishimizni anglatadi. Kuchlarimizni birlashtirib, tadqiqotlar, muloqot va amaliy harakatlar orqali barqaror natijalarni yaratishni maqsad qilganmiz,”— deydi Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov.
Mazkur Memorandum har ikki tashkilotning mustaqil ovozini hurmat qilgan holda, qo‘shma kommunikatsiya mexanizmlari va umumiy targ‘ibot strategiyalarini belgilaydi. Bu hamkorlik O‘zbekistonda islohotlarga yo‘naltirilgan hamkorlik muhiti kengayib borayotganining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, 5-Barqaror rivojlanish maqsadi (5-SDG) doirasidagi milliy majburiyatlarning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.